Ijtimoiy tarmoqlarda “Malika” savdo majmuasi oldida pichoqbozlik bo`lganligi haqidagi videolar tarqalmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati tezkor xabar taqdim etdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 12 sentyabr kuni taxminan soat 12:00 larda Shayxontohur tumani KXAY va Labzak ko`chalari kesishmasi yonida joylashgan kafening oldida “Malika” savdo majmuasida telefon savdosi bilan shug`ullanuvchi bir nechta fuqarolar o`rtasida janjal yuzaga kelgan. Janjal natijasida 1977 yilda tug`ilgan T.B. ko`krak qafasi sohasida sanchilib kesilgan jarohatlari bilan vafot etgan. Shuningdek, 1988 yilda tug`ilgan M.A. bir necha joyidan sanchilib kesilgan jarohatlari bilan tibbiyot muassasasiga olib borilgan.
Jinoyatni sodir etishda gumonlanayotganlarni aniqlash, shuningdek jinoyat guvohlari bilan tergov harakatlarini amalga oshirish uchun janjalda ishtirok etgan barcha shaxslar ichki ishlar bo`limiga olib borilgan. Ushbu shaxslarni ichki ishlar bo`limiga olib borish jarayoni aks etgan video, shuningdek voqea joyini o`rab olib ko`zdan kechirish jarayoni aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismi (“Qasddan odam o`ldirish”) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda .