Farg`ona shahrida 18 iyun kuni ikki guruh o`rtasidagi qurolli to`qnashuvning oldi olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining Youtube’dagi «Kriminal» ko`rsatuvida xabar qilindi.
Ma`lum bo`lishicha, Farg`ona shahri Oqariq ko`chasida 18 iyun soat 13:30 atrofida ikki mashina o`rtasida yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgan. Oqibatda haydovchilar o`rtasida janjal chiqqan va ular bir joyda ko`rishib, orani ochiq qilishga kelishgan.
Qayd etilishicha, kelishilgan joyga ikki tarafdan jami 20 nafarga yaqin erkak kelgan. Farg`ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Jinoyat-qidiruv boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya xodimlari voqea joyiga etib borib, ulardan o`tkir tig`li jismlar, jumladan, pichoq va qilichlar, giyohvandlik vositalarini rasmiylashtirgan.
Ta`kidlanishicha, 8 nafar shaxs prosessual tartibda ushlangan, 9 nafariga ma`muriy qamoq jazosi qo`llanilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan, deya xabar qildi Bugun.uz.






