Kogon shahar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining hamkorlikdagi tezkor tadbiri o`tkazildi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.
Tadbir davomida, fuqaro G`.O. 2021 yil 19 may kuni Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 170-moddasi (valyuta boyliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o`tkazish) bilan javobgarlikka tortilgan bo`lsada, o`ziga to`g`ri xulosa chiqarmasdan, noqonuniy valyuta ayriboshlash bilan bog`liq jinoyatni sodir etish yo`liga o`tib, Buxoro shahar I.Mo`minov ko`chasida joylashgan sobiq «Dilkusho dehqon bozori» MChJ yo`l yoqasida o`zga bir shaxsdan har bir AQSh dollarini 10.600 so`mdan hisoblab, 300 AQSh dollarini 3.180.000 so`mga sotib olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu shaxsning yonida qo`shimcha ravishda 100 AQSh dollari, 1650 Rossiya rubli va yana 500.000 so`m naqd pullar borligi aniqlanib, tegishli tartibda olib qo`yildi.
Mazkur holat yuzasidan G`.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.