Toshkent shahri hududida haydovchilarga yo`l xaqqini plastik orqali to`lov qilaman deb, ularning plastik kartasidagi pullarni o`g`irlagan firibgar qo`lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi ma`lum qildi.
Xabarga ko`ra, olib borilgan tekshiruv harakatlari davomida, noma`lum shaxs tomonidan Toshkent shahri hududida haydovchilarga yo`l xaqqini plastik orqali to`lov qilaman deb fuqarolarning shaxsiga oid ma`lumotlarini noqonuniy ravishda egallab ularning bank plastik kartalaridagi pul mablag`larini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritib kelganligi aniqlandi.
Olingan tezkor ma`lumotlar natijasida, 2021 yil avgust oyida Toshkent shahri hududida O`zbekiston Respublikasi IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur noqonuniy harakatni Jizzax viloyati, Paxtakor tumanida yashovchi, muqaddam sudlanmagan, 2002 y.t. fuqaro G`.t. sodir etganligi aniqlanib, uning bir dona bank plastik kartasi va bir dona telefon qurilmasi ashyoviy dalil tariqasida tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Ushbu shaxs Toshkent shahar hududida plastik kartadan to`lov qilaman deb fuqarolarning jami 20.000.000 so`mdan ziyod pul mablag`larini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritib, ushbu pullarni o`zining extiyoji uchun ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro G`.t. ga nisbatan Toshkent shahar IIBB huzuridagi TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






