O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-iyundagi “2021/2022 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasining oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to`g`risida”gi PQ–5157-son qarori bilan O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2021-2022 o`quv yilidan boshlab tibbiyot fakulteti tashkil etilib, tibbiyot yo`nalishida ham kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yildi.
Davlat rahbarining shu yil 19-mart kuni Toshkent viloyatiga tashrifi davomida tibbiyot yo`nalishida kadrlar tayyorlash bo`yicha vazifalar belgilangan edi. Bunga sabab, viloyatda oliy ma`lumotli tibbiyot mutaxassislariga bo`lgan talabning yuqoriligi edi.
O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o`z faoliyatini boshlagan bu fakultet ana shu ehtiyojni qondirishda muhim ahamiyatga ega. Endilikda universitetda bakalavriatning kunduzgi ta`lim shakli bo`yicha “Davolash ishi” ta`lim yo`nalishida ham kadrlar tayyorlanadi.
2021-2022-o`quv yilida “Davolash ishi” ta`lim yo`nalishiga 100 nafar grant, 100 nafar to`lov-shartnoma asosida jami 200 nafar talaba qabul qilindi.
Kecha, 13 sentyabr kuni O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida yangi tashkil etilgan tibbiyot fakultetining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Tadbir davomida ota-onalar, talabalar so`zga chiqib, o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi hamda tashakkurlarini izhor qildi.
Shundan so`ng “davolash ishi” yo`nalishiga qabul qilingan 1-kurs talabalari qasamyod qabul qilishdi.