AsosiyJamiyat

Toshkentda oftalmologlarning xalqaro kongressi o`tkaziladi

'Toshkentda oftalmologlarning xalqaro kongressi o`tkaziladi'ning rasmi

Joriy yilning 16-17 sentyabr kunlari Toshkentda oftalmologlarning xalqaro kongressi bo`lib o`tadi. Anjumanda ko`z mikroxirurgiyasining dolzarb muammolari muhokama qilinadi.

Xalqaro anjuman gibrid, ya`ni onlayn va oflayn formatda o`tkazilmoqda. Anjumanga 1000 nafardan ziyod oftalmolog onlayn ro`yxatdan o`tgan bo`lib, respublikamizning 150 nafardan ziyod oftalmologi taklif qilingan. Anjuman dasturida oftalmologiyaning deyarli barcha yo`nalishdagi dolzarb muammolari, keng tarqalgan ko`z kasalliklari diagnostikasi va davolash usullari qamrab olingan. Bu esa ishtirokchilarning tajriba almashish, malaka oshirish imkonini yaratadi.

Aytish kerakki, yurtimizda jami 49 turdagi oftalmologik kasalliklarni davolash bo`yicha 172 turdagi xizmatlar ko`rsatiladi. Bu borada Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati alohida ahamiyatga ega.

2019-2020 yillar davomida markaz xodimlari tomonidan joylarga chiqqan holda, mahorat darslari, tibbiy ko`riklar va murakkab jarrohlik amaliyotlarini o`tkazishlari natijasida hududlardan bo`layotgan murojaatlar soni 20 foizgacha kamaygan.

Markazda 150 qatnovga mo`ljallangan konsultativ diagnostik poliklinika, 
50 o`rinli stasionar, kuniga 50-60 operasiya bajarish imkonini beradigan 8 ta avtomatik jarrohlik stoli, bir vaqtda ishlaydigan jarrohlik bloki mavjud. Bu erda mamlakatimizda yagona bo`lgan diagnostika va davolash sifatini nazorat qilish guruhi (davolash nazorati guruhi) tashkil etilgan bo`lib, davolangan bemorlarga ko`rsatilgan tibbiy yordam sifatini baholaydi. Elektron kasallik tarixi ishlab chiqilgan va tatbiq etilgan.

2019 yilda hududlarga 120 ming dollar miqdoridagi mablag` evaziga 
jami 14 ta maxsus raqamli biomikroskop qo`yildi. Shu vaqt davomida 2000 nafardan ziyod ortiq bemorga onlayn tibbiy maslahatlar berildi. 

Prezident taklifiga binoan “Isuzu” rusumli avtobus negizida 13 dona mobil poliklinika tashkil etildi va 5 xil zamonaviy oftalmologik uskunalar bilan jihozlandi. Haftada bir-uch marta mutaxassislar shahar va tumanlarga, joylardagi ishlab chiqarish korxonalariga borib, aholini tibbiy ko`rikdan o`tkazmoqda. Hozirga qadar 7 ta hududda(Xorazm, Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Farg`ona viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasida) markazning filiallari ochildi. Buning natijasida markazga maqsadli bemorlarni yuborish sifati oshdi. Lazer jarrohlik amaliyotlari soni 2 barobardan 5 barobargacha ko`paydi.

Kongressda oftalmologiya xizmatini yaxshilash uchun bir qator takliflar ilgari surilishi ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar