AsosiyDunyo

Qirg`iziston sobiq prezidenti hokimiyatni kuch bilan egallashga uringanlikda ayblanmoqda

'Qirg`iziston sobiq prezidenti hokimiyatni kuch bilan egallashga uringanlikda ayblanmoqda'ning rasmi

Qirg`iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambaevga 2020 yilning oktyabr oyida hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish va ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirish ayblovlari e`lon qilindi. Bu haqda uning advokati Sergey Slesarevga tayanib, «Kommersant`»ga asoslanib, Daryo xabar berdi. Atambaev o`tgan yilning oktyabridan buyon hibsda saqlanmoqda.

«Atambaevga o`tgan yilning oktyabr oyi boshlarida poytaxtda yuz bergan ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda va hokimiyatni zo`rlik bilan egallab olishga urinishda gumon qilingani to`g`risida xabarnoma topshirildi», — dedi advokat. Himoyachining ta`kidlashicha, tartibsizlikning birinchi kunlarida sobiq prezident hibsda edi va jismonan olib qaraganda ularni uyushtirishda qatnasha olmasdi.

Ushbu ish bo`yicha prezident ma`muriyatining sobiq rahbari Farid Niyozov, sobiq prezident qo`riqchisi Kanat Sagimboev va ichki ishlar vazirining sobiq o`rinbosari Kursan Asanov ham qatnashmoqda.

Bundan bir necha oy oldin Atambaev sog`lig`i yomonlashgani sababli Milliy xavfsizlik davlat qo`mitasining tergov izolyatoridan 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga ko`chirilgan edi. Koloniyada tibbiy shifoxona mavjud.

Ma`lumot uchun, Atambaev Almazbek Sharshenovich 1956 yil 17 sentyabrda Qirg`iziston SSRning Arashan qishlog`ida tug`ilgan. 1980 yilda Moskva boshqaruv universitetini tamomlagan.

U aloqa korxonalarida muhandis, iqtisodchi bo`lib ishlagan. 1983 yildan Qirg`iziston SSR Oliy Kengashi prezidiumi muharriri va referent, 1987 yildan Frunze (hozirgi Bishkek) Pervomayskiy tumani Ijroiya qo`mitasi raisining o`rinbosari bo`ldi.

Atambaev 1989 yilda biznes bilan shug`ullanishni boshladi. 1993 yilda u Sosial-demokratik partiyasini tuzdi, 1995- va 2000 yillarda mamlakat parlamentiga saylandi. 2000 yil aprelda sud mol-mulk va daromadlar haqidagi ma`lumotlarni yashirgani uchun Atambaevning mandatini bekor qildi. 2000 yil oktyabr oyida u prezidentlik saylovlarida uchinchi o`rinni egalladi. Atambaev «Lolalar inqilobi»dan keyin, 2005—2006 yillarda sanoat, savdo va turizm vaziri, 2007 yil martdan noyabrgacha esa bosh vazir bo`lib ishlagan.

2009 yilning iyulidagi prezidentlik saylovlarida Atambaev muxolifatchilardan yagona nomzod edi, lekin u atigi 8,41 foiz ovoz to`plab, Qurmanbek Bakievga yutqazdi. Inqilobdan so`ng, 2010 yilning aprelida u muvaqqat hukumat rahbarining iqtisod bo`yicha o`rinbosari bo`ldi. 2010 yil 17 dekabrdan esa hukumatni boshqargan. 2011 yil 30 oktyabrda Atambaev 63,24 foiz ovoz bilan Qirg`iziston prezidenti etib saylandi.

2016 yilda Atambaev konstitusiyaga o`zgartirishlar kiritish bo`yicha referendum o`tkazdi, buni esa huquq himoyachilari, jurnalistlar va muxolifatchilar hokimiyatni egallab olishga urinish deb baholadi. 2017 yil noyabr oyida u birinchi muddatdan keyin o`z lavozimini tark etdi. Atambaev prezidentligining so`nggi yillarida mamlakatda jurnalistlar, faollar, muxolifatchi siyosatchilar va inson huquqlari himoyachilariga qarshi ko`plab fuqarolik va jinoiy sud jarayonlari o`tkazildi.

2019 yil 27 iyunda Qirg`iziston parlamenti deputatlari Almazbek Atambaevni sobiq prezident maqomidan va shunga ko`ra daxlsizlikdan mahrum qildi. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Bosh prokuratura uning harakatlarida korrupsiya, mansab vakolatlarini suiiste`mol qilish va noqonuniy boylik orttirish belgilarini topgan. Atambaevning o`zi ayblovlarni tan olmadi va huquq-tartibot organlarining sudga chaqiruv qog`oziga bo`ysunishdan bosh tortdi.

    Boshqa yangiliklar