AsosiyJamiyat

“Ta`minotchidan 100 mln so`mlik mahsulot olganini yozib, bank rahbariyatini aldagan”. “Agrobank”ning tuman filiali mas`ullari kredit ololmayotganini aytgan tadbirkor chiqishiga munosabat bildirdi

'“Ta`minotchidan 100 mln so`mlik mahsulot olganini yozib, bank rahbariyatini aldagan”. “Agrobank”ning tuman filiali mas`ullari kredit ololmayotganini aytgan tadbirkor chiqishiga munosabat bildirdi'ning rasmi

"Agrobank”ning tuman filiali mas`ullari tadbirkor Muhriddin Rahimqulovning videochiqishiga munosabat bildirib, u ta`minotchi korxonadan 27 million so`mlik mahsulot olib, 100 million so`mlik mahsulot olganini bildirib, bank rahbariyatini chalg`itishga uringanini ma`lum qildi.  

Ushbu chiqishga" Agrobank" Dehqonobod filiali munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, “Farangizbonu chiroy” xususiy korxonasi rahbari Muhriddin Rahimqulov ATB “Agrobank” tuman filialiga Prezidentning 2019 yil 24 noyabrdagi qarori asosida avtomoyka va nonvoyxona jihozlari sotib olish uchun 100 million so`m kredit ajratishni so`rab murojaat qilgan.

Shunga asosan “Farangizbonu chiroy” xususiy korxonasi va bank o`rtasida 2021 yil 5 avgust kuni kredit shartnomasi imzolanib, kredit summasining 15 foizi ya`ni 15 million so`m pul mablag`i 18 avgust kuni ta`minotchi korxonaga ya`ni, “Jasurbek Jahongir Javohir” oilaviy korxonasiga o`tkazib berilgan. Shundan so`ng, “Farangizbonu chiroy” xususiy korxonasi rahbari M.Rahimqulov ta`minotchi korxonadan mahsulotlarini to`liq olganligini bildirib, buni tasdiqlovchi hujjat bo`lgan yuk xatlarini bankka taqdim qilgan. Yuk xatlari “Farangizbonu chiroy” xususiy korxonasi rahbari tomonidan imzolanib, korxona muhri bosilgan.

Bank rahbariyati 2021 yilning 30 avgust kuni ushbu holat bo`yicha tadbirkor xonadonida bo`lib, monitoring o`tkazganda “Farangizbonu chiroy” xususiy korxonasiga 100 million so`mlik mahsulotdan 27 million 715 ming so`mlik mahsulotlar (1 dona karcher, 1 dona kompressor, 1 dona plesos, 1 dona ko`pik xaydagich, 22 dona machalka, 10 dona drap, 25 metr shlanka, 2 tonnalik suv idish, shampunlar) etkazib berilganligi, qolgan 72 million 285 ming so`mlik mahsulotlar etkazib berilmasdan yuk xatlariga soxta ma`lumotlar kiritilganligi aniqlangan.

Bank mas`ullarining yozishicha, tadbirkor ushbu qilmishini yashirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilib, jamoatchilikni chalg`itishga urinmoqda. Shu bois, bank rahbariyati bu haqda to`plangan hujjatlarni huquqiy baho berish tuman prokuraturasiga taqdim qilgan.

    Boshqa yangiliklar