AsosiyJamiyat

Karmanada koronavirusni davolashga ixtisoslashgan muassasani ochishga ehtiyoj yo`q, chunki...

'Karmanada koronavirusni davolashga ixtisoslashgan  muassasani ochishga ehtiyoj yo`q,  chunki...'ning rasmi

“Navoiylik hamshira Prezident Mirziyoevga murojaat yo`lladi” sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarining birida yo`llangan murojaat yuzasidan viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi quyidagilarni ma`lum qildi.

 

Videomurojaat Karmana tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli sobiq bolalar poliklinikasi binosi oldida tasvirga olingan bo`lib, ushbu muassasa Sog`liqni saqlash boshqarmasining 2021 yil 5 iyuldagi 85-sonli buyrug`iga asosan “Maxsus poliklinika” sifatida faoliyat yuritgan.

Maxsus poliklinika koronavirus, pnevmoniya va boshqa belgilar bilan kasallik birlamchi aniqlangan, kasallik belgilari bo`lgan bemorlarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish, ularga birlamchi tashxis qo`yish hamda koronavirus infeksiyasini davolash va tashxislash standartlariga asosan tekshiruvlardan o`tkazish maqsadida tashkil etilgan. Poliklinikada rentgenografiya, laborator instrumental tekshiruvlarni o`tkazish, tuman aholisidan koronavirusga test olish hamda kasallik asoratli kechgan bemorlarni maxsus shifoxonaga yo`naltirish ishlari amalga oshirilgan.

Ushbu muassasa viloyatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgani sababli 2021 yil 12 sentyabr kuni o`z ish faoliyatini to`xtatdi.

 

2021 yil Navoiy viloyatida koronavirus infeksiyasi, pnevmoniya va boshqa belgilar kuzatilgan bemorlarga 5 ta muassasa (Viloyat bolalar yuqumli kasalliklari shifoxonasi, viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat endokrinologiya dispanseri, Zarafshon shahar tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo`limi, “Yoshlik” o`yingohi tarkibidagi saralash-taqsimlash markazi) tomonidan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatildi.

 

Joriy yilning aprel-sentyabr oylari davomida viloyat aholisiga 830 ta o`rindan iborat yuqorida ko`rsatilgan muassasalar tomonidan tibbiy xizmat ko`rsatilib kelingan. Stasionar yordamga muhtoj bemorlarning barchasi ko`rsatmaga muvofiq, stasionar davo uchun yotqizilgan. Shuningdek, muassasalarda bemorlarni yotqizish uchun zaxira o`rinlari ham mavjud. Shu sababli, ayni paytda Karmana tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli sobiq bolalar poliklinikasi binosida kovid shifoxonasi ochishga umuman ehtiyoj yo`q.

 

Koronavirus, pnevmoniya va boshqa belgilar bilan murojaat qilgan bemorlarga yordam ko`rsatish uchun faoliyat yuritgan davolash -profilaktika muassasalariga tibbiyot xodimlarini jalb qilish bo`yicha hech qanday korupsion holatlar aniqlanmagan, bunday mazmundagi murojaatlar viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasiga kelib tushmagan.

 

Mutaxassislarning asosiy qismi maxsus shifoxonaning o`z xodimlari bo`lib, boshqa davolash-profilaktika muassasalaridan faqat anesteziolog-reanimatolog, pul`monolog va yuqumli kasalliklar shifokorlari jalb qilingan, xolos. Qo`shimcha o`rta tibbiyot xodimlarini ishga jalb qilishga esa ehtiyoj bo`lmagan.

Yuqorida ko`rsatilgan barcha sabablar ushbu murojaat asossiz ekanini ko`rsatadi.

    Boshqa yangiliklar