AsosiyJamiyat

Shartnomaviy munosabatlarga korrupsiyaga qarshi shartlar kiritilmoqda

'Shartnomaviy munosabatlarga korrupsiyaga qarshi shartlar kiritilmoqda'ning rasmi

“Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Farmonga ko`ra, 2022 yil 1 yanvardan:  

➡️shartnomaning tarafi ikkinchi tarafdan shartnoma bo`yicha majburiyatlarni to`la yoki qisman bajarishini qabul qilgan yoxud shartnomaning amal qilishini boshqacha tarzda tasdiqlaganda, ushbu shartnomani keyinchalik haqiqiy emas deb topishni talab qilishga, agar bunday talab halollik prinsipiga zid bo`lsa, haqli emas;

➡️xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan davlat xaridlari bilan bog`liq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qo`shimcha shartlar belgilanadi;

➡️shartnomaning tarafi va u tomonidan jalb qilingan shaxslar (yordamchi pudratchi tashkilotlar, agentlar va taraflar nazorati ostidagi boshqa shaxslar) tomonidan korrupsiyaga qarshi qo`shimcha shartlarga rioya etilmaganda, ikkinchi taraf shartnomani bir taraflama to`xtatib turishga, bekor qilishga hamda zararni qoplab berishni talab qilishga haqli bo`ladi.

Shuningdek, Farmon bilan ikki oy muddatda xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qo`llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo`lgan korrupsiyaga qarshi qo`shimcha shartlarni ishlab chiqish va uch oy muddatda shartnomalarning namunalarini “yurxizmat.uz” maxsus axborot portaliga joylashtirish vazifasi yuklatildi.

Davlat xaridlari bilan bog`liq shartnomalarda korrupsiyaga qarshi shartlarning kiritilishi korrupsiyaning oldini olish bo`yicha jaxon amaliyotida keng qo`llanilayotgan samarali vositalardan biri bo`lib, kelgusida davlat xaridlari ishtirokchilari tomonidan sodir etilishi mumkin bo`lgan bu turdagi huquqbuzarliklarga qarshi samarali kurashish va javobgarlik muqarrarligi prinsipini ta`minlashga xizmat qiladi.

 

    Boshqa yangiliklar