Nemolchi.uz internet-manbasida uch nafar ayollarga shilqimlik qilgan taksi haydovchisiga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan chora ko`rilmayotgani haqida xabar e`lon qilindi. Mazkur fakt bo`yicha Toshkent shahar IIB ma`lumot berdi.
Xabar qilinishicha, “Matiz” rusumli avtomobil (davlat raqami 10 Y 518 SA) haydovchisi – Jahongir T. tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgani to`g`risida Toshkent shahar IIBBga ariza kelib tushmagan. Idora xodimlari yuqoridagi e`lon muallifi bilan bog`lanib, jabrlanuvchilar haqida ma`lumot olgandan so`ng, ayollarga yozma ravishda ichki ishlar organlariga murojaat qilish zarurligi tushuntirildi. 2021-yil 17-sentyabr kuni ikki nafar jabrlanuvchilar – E.M. va T.Yu.lar Mirobod tumani IIO FMBga murojaat qilishdi. Uchinchi qiz – M.S. ham yaqin orada ariza yozishga tayyorligini bildirdi.
Mazkur holat bo`yicha tergov oldi tekshiruvlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.






