Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar IIBB PPX xodimi va bolali ayollar o`rtasidagi munozara aks etgan video tarqalmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 16 sentabr kuni taxminan soat 21:00 larda Toshkent shahar IIBB PPX xodimlari I.Isomiddinov va J.Shamsiddinovlar Mirobod tumani Shaxrisabz ko`chasida xizmat olib borayotgan vaqtida yo`lning qatnov qismida go`dak farzandlari bilan tilanchilik qilayotgan ayollar — 2003 yilda tug`ilgan A.Shaxzoda, 1998 yilda tug`ilgan N.Rashida va boshqa bir nechta fuqarolarni ko`rgan.
Xodimlar ushbu ayollarga jamoat joyida tilanchilik qilish mumkin emasligini tushuntirishgan va ularni shaxsini aniqlash maqsadida yaqin oradagi ichki ishlar bo`limiga borishi kerakligini aytishgan. Biroq ayollar javobgarlikdan qochib qutulish maqsadida baqir-chaqir qilib jamoat tartibini buzishgan. Xodimlarning qonuniy talabiga bo`ysunmayotganligi aks etgan holatni tasvirga olgan fuqaro real holatni bilmasdan, shov-shuv ko`tarish maqsadida videoni ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan.
O`tkazilgan tekshiruv natijasi bo`yicha A.Shaxzoda va N.Rashidalarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), 194-moddasi 1-qismi (“O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar organi xodimning qonuniy talablarini bajarmaslik”), 188 prim 3-moddasi (“Tilanchilik qilish”) bo`yicha bayonnoma rasmiylashtirildi.






