Ma`lumotlarga qaraganda, yurtimizda 3000 nafardan ortiq bemor dasturiy gemodializga muhtoj. Surunkali buyrak etishmovchiligining so`nggi bosqichida bo`lgan har bir bemor haftasiga kamida 2 marta gemodializ seansini oladi.
Bunday bemorlarni davolashning samarali usullaridan biri bu — buyrak transplantasiyasi amaliyoti hisoblanadi.
Prezidentimiz tashabbusi va bevosita topshirig`i bilan yurtimiz tibbiyoti tarixida ilk bor organlar transplantasiyasi bo`yicha zamonaviy operasiyalarni amalga oshirish boshlangan bo`lib, hozirda soha faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.
Kuni kecha Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpog`iston filialida tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibaev boshchiligidagi RShTYoIMning bir guruh xodimlari tomonidan bemor B.N.ga buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti bajarildi.
Asli xorazmlik bemor 1974 yilda tug`ilgan bo`lib, 25 yoshli qizi M.M. unga o`z buyragini berishga rozilik bildirgan.
Bugun ayni shu soniyalarda esa 1962 yilda tug`ilgan B.R.dan 1992 yilda tug`ilgan qizi Z.R.ga buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti bajarilmoqda.
Ota surunkali buyrak kasalligining beshinchi (oxirgi) darajasi bilan og`rigan va 2014 yildan beri doimiy tarzda dasturiy gemodializ muolajalarini olib kelayotgan qizining hayot tarzini engillatishga qaror qildi.
U hayoti “sun`iy buyrak” apparatidagi muolajalarga bog`liq bo`lib qolgan qizining salomatligi jarrohlik amaliyotidan so`ng ancha yaxshilanishini o`ylab, ich-ichidan quvonmoqda.
— Buyrak etishmovchiligining rivojlanganlik darajasi besh bosqichga bo`linadi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod XADJIBAEV. — Xastalik beshinchi daraja — terminal bosqichgacha etgan bo`lsa, ya`ni buyrak faoliyati keskin pasayib ketib, organizm talablariga to`liq javob bera olmay qolsa va jarrohlik amaliyotini o`tkazishga monelik qiluvchi omillar bo`lmasa, buyrak transplantasiyasini amalga oshirish zarur.
Umuman olganda, surunkali buyrak etishmovchiligining terminal bosqichida bemorlar hayotini saqlab qolish uchun buyrakning o`rnini bosuvchi terapiyasi amalga oshiriladi. Bu terapiya gemodializ, peritoneal dializ va buyrak transplantasiyasini o`z ichiga oladi.
Buyrak transplantasiyasining qolgan ikkita muolajadan afzalligi shundaki, bemorning umr ko`rish davomiyligi 1,5-2 barobarga oshadi.
Gemodializda bemor “sun`iy buyrak” apparatiga bog`liq bo`lib qoladi, harakatlanishi cheklanadi, hayot sifatlari buziladi.
Bundan tashqari, gemodializ muolajasi ancha qimmat prosedura hisoblanib, dori-darmonlari, dializator apparatlariga sarflanadigan xarajatlardan ko`ra, buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti bir necha barobar arzonroq ham bo`ladi.
Ma`lumot uchun: xorijiy klinikalar yutuqlari sinchkovlik bilan o`rganilgach, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktyabrdagi 859-sonli qarori ijrosini ta`minlash maqsadida RShTYoIMda 2018 yili “Xirurgik transplantologiya” bo`limi tashkil etilgan edi.
Markaz xodimlari 2018 yilning 7 aprelida turkiyalik hamkasblari bilan birgalikda birinchi buyrak transplantasiyasi amaliyotini bajargan.
Hozirda bunday jarrohlik amaliyotlari ilmiy markazning yosh iste`dodli jarrohlari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda va shu kunga qadar 150 nafardan ortiq bemorda tirik qarindoshlar orasida buyrak transplantasiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Hozirda RShTYoIM xodimlari joylarga chiqib, hududlarda buyrak transplantasiyasi amaliyotlarini bajarishi esa bemorlarning uzog`ini yaqin, og`irini engil qilmoqda.
Maqsad — chekka hududlar aholisini ortiqcha ovoragarchiliklarsiz yashash joyini o`zida malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
Aytish lozimki, mamlakatimizda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantasiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko`chirish amaliyotini bajarishga ruxsat berilgan.






