“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig`iga ko`ra, moliyaviy va komplaens nazoratni kuchaytirish, korrupsiya va talon-torojliklarga qarshi kurashish, ularni kelgusida yo`l qo`yilishini oldini olish, pirovard natijada, tizimda moliyaviy barqarorlikka erishishga qaratilgan profilaktik tadbirlar bugungi kunda o`z samarasini bermoqda.
Navbatdagi shunday tadbirlardan biri, “Maroqand neft bazasi” MChJ (keyingi o`rinlarda – Jamiyat deb yuritiladi) va uning filiallarida o`tkazildi. O`rganish davomida Jamiyatning mas`ul mansabdor shaxslari tomonidan yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmasliklari, moliyaviy qonunchilikga rioya etilmasligi hamda tashkilotning moliyaviy holatiga befarqligi oqibatida jiddiy moliyaviy xato va kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi aniqlandi.
Masalan, Jamiyat va uning filiallariga “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan vaqtinchalik mas`ul saqlashga topshirilgan jami 23 mlrd 339 mln so`mlik 3 219,0 tonna avtobenzin mahsulotlariga “xo`jasizlarcha” munosabatda bo`lib, belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotib olinmasdan iste`molchilarga yuklab jo`natib yuborilgan.
Buning natijasida yuzaga kelgan narx tafovutlari orqali Jamiyatga jami 2 mlrd 666 mln so`mlik zarar etkazilgan. Shuningdek, tovar-moddiy qiymatliklar, asosiy vositalar va neft mahsulotlaridan jami 844,5 mln so`m miqdorida kamomadlar aniqlandi.
Ta`kidlash joizki ayrim mas`ullar tomonidan neft mahsulotlarining hisobini yuritish uchun mo`ljallangan yoqilg`i sig`imlarining kalibrovka jadvallari atayin o`zgartirilib kamomadlar yashirib kelingan.
Jumladan, Bulung`ur filialining mas`ullari tomonidan 2020 yil 15 avgustdan 2021 yil 31 iyulgacha bo`lgan davrdagi 2 000 kub metr sig`imda saqlanib kelayotgan Ai-80 K2-L avtobenzin mahsuloti o`lchash jarayonlarida mahsulotning ma`lum balandligi (sm) bo`yicha hajm (litr) qoldiqlari noto`g`ri ko`rsatilib kelinganligi natijasida, hisobot davri yakunlariga ko`ra o`tkazib kelingan xatlovlar xatolik bilan o`tkazilgan, natijada 145 785 litrdan 750 918 litrgacha nomutanosibliklar xatlovlarda yashirib kelingan.
Neft mahsulotlarining saqlanishi bo`yicha o`tkazilgan o`rganishlarda Jamiyatning Bulung`ur filialida olib borilgan xatlovlar natijasida 308,6 mln so`mlik 41 296 kg Ai-80 K2-L avtobenzini ortiqcha ekanligi aniqlandi.
Bundan tashqari, neft mahsulotlarini asossiz ravishda hisobdan chiqarish va ish xaqidan bo`lgan qarzdorliklar bo`yicha jami 453,4 mln so`m miqdorida moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlandi.
Jamiyat filiallari avtoxo`jaligining mexaniklari va haydovchilari tomonidan jami 148,6 mln so`mlik 24223 litr neft mahsulotlari asossiz ravishda hisobdan chiqarilgan. Masalan, Jamiyat avtoxo`jaligi mexanigi va haydovchilari o`rtasidagi kelishuv natijasida aslida gaz yoqilg`isi bilan harakatlanishda bo`lgan yuk avtomashinasiga haqiqatda bajarilmagan qatnovlar bo`yicha yo`l varaqalari rasmiylashtirilib, jami 18933 litr 117,1 mln so`mlik benzin yoqilg`isi mahsuloti noqonuniy hisobdan chiqarilgan.
Jamiyat va uning filiallarining 2021 yilning 1 sentyabr holatiga 33 mlrd 384 mln so`m bo`lib, shundan muddati o`tib ketgan debitorlik qarzdorligi 19 mlrd 843 mln so`mni hamda bugungi kunda undirish “umidsiz” (korxonalar yopilishi, da`vo muddatlarining o`tishi va hokazo) bo`lgan qarzdorlik summasi 14 mlrd 234 mln so`mni tashkil etmoqda.
O`rganish natijalariga ko`ra, aniqlangan holatlarni bartaraf etish, xatolikka yo`l qo`ygan shaxslarga tegishli choralar ko`rish, shuningdek, istiqbolda bunday salbiy holatlarga yo`l qo`yilishini oldini olish maqsadida amaliy takliflar va tavsiyalar berildi. Aniqlangan hato-kamchiliklarga huquqiy baho berish maqsadida ma`lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.
O`tkazilgan o`rganishlar aniqlangan xato-kamchiliklarni bartaraf etish, ularni kelgusida yo`l qo`yilishini oldini olish maqsadida “O`zbekneftgaz” AJning tegishli departamentlari va neft baza jamoasi ishtirokida “Maroqand neft bazasi” MChJda kengaytirilgan yig`ilish o`tkazildi.
Yig`ilish davomida xato-kamchiliklarga yo`l qo`ygan jami “Maroqand neft bazasi” MChJning 11 nafar mas`ul mansabdor shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 6 nafar xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo`llanildi, shuningdek, xatoliklarni bartaraf qilish, kelgusida yo`l qo`ymaslik, tegishli huquqiy baho berish va talon-tarojliklarni kamaytirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.






