Prezident Shavkat Mirziyoev 20 sentyabr kuni ta`lim, madaniyat va tibbiyot sohalaridagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq “Yangi O`zbekiston” universitetiga asos solingan edi. Qarorda universitet uchun zamonaviy o`quv kampusi bunyod etilishi belgilangan.
Shu maqsadda turkiyalik muhandislar bilan birgalikda loyiha ishlab chiqilgan.
Tadbirda ushbu loyihaning asosiy jihatlari, bo`lajak binoda yaratiladigan sharoitlar haqida ma`lumot berildi.
Taqdimotda yangi kutubxona loyihasi ham ko`rib chiqildi. Bu ma`naviyat uyi Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy bog`i hududida barpo etiladi. Uning tashqi ko`rinishi yurtimizdagi qadimiy obidalarga uyg`un tarzda loyihalashtirilgan. Ulkan kitob fondini saqlash, mutolaa, madaniy hordiq chiqarish, turli tadbirlar o`tkazish bilan bog`liq barcha jihatlar inobatga olingan.
Davlatimiz rahbari shu yil 14 may kuni Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markaziga borib, sharoitlarni ko`zdan kechirgan edi. Ushbu markaz uchun yangi bino qurish vazifasi qo`yilib, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududidan er ajratildi.
Xorijiy tibbiyot muassasalarining ilg`or tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlar hisobga olinib, loyiha ishlab chiqildi.
Yangi bino 10 qavat bo`lib, birinchi qavatda maslahat poliklinikasi va qabul bo`limi joylashadi. Yuqori qavatlarda 650 stasionar va 100 ambulator o`ringa ega davolash bo`limlari bo`ladi. Shuningdek, bu erda Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti kafedralari, magistratura, ordinatura uchun ham sharoitlar yaratiladi.
Binoning 3 qavatli erosti qismida radiologiya va nur terapiya bo`limlari, zamonaviy kompyuter tomografiya, magnit rezonans tomografiya, raqamli rentgen uskunalari va boshqa zamonaviy diagnostika bo`limlari joylashtiriladi.
Davlatimiz rahbari qurilishlarni xalqaro standartlar asosida, sifatli amalga oshirish, binolarga xizmat ko`rsatadigan texnik xodimlarni hozirdan tayyorlab borish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.






