Bu haqda Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitalari tomonidan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Inson a`zolari va to`qimalari transplantasiyasi to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokamasida so`z yuritildi.

Ta`kidlanganidek, ilgari yurtimizda buyrak va jigar transplantasiyasi amaliyotlari o`tkazilmasligi oqibatida ko`pchilik bemor yurtdoshlarimiz xorijiy mamlakatlarda katta mablag` evaziga davolanar edi. Hatto ayrimlari bevaqt vafot etardi.
E`tiborlisi, so`ngi yillarda mazkur sohada olib borilgan islohotlar mamlakatimizda buyrak, jigar va o`zak hujayrasini ko`chirib o`tkazish amaliyoti yo`lga qo`yishga imkoniyat yaratdi. Natijada bugungi kungacha yurtimizda 700 dan ortiq ana shunday operasiya muvaffaqiyatli bajarildi.

Respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan azob cheksa, ularning 500 nafari, ya`ni 10 foizi jigar transplantasiyasi amaliyotiga muhtoj. Bugungi kunga qadar mamlakatimizda jami 10 ta jigar transplantasiyasi amalga oshirildi.
Istiqbolda buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyotini yiliga 250 taga etkazish, jigar transplantasiyasini esa yiliga 50 taga etkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yurak transplantasiyasini joriy etish va yiliga 50 ta amaliyot hamda o`pka transplantasiyasini yo`lga qo`yish va yiliga 30 ta amaliyotni bajarish nazarda tutilgan.

Tadbirda so`zga chiqqan senatorlar inson a`zolari va to`qimalarini ko`chirib o`tkazish amaliyotini xorijda katta mablag` va vaqt sarflamasdan O`zbekistonda ham amalga oshirish mumkinligiga urg`u berdilar. Shuningdek, inson a`zolari va to`qimalari transplantasiyasi borasida qonunchiligimizda belgilangan normalar bugungi kun talablariga mos emasligi, shu bois, mazkur qonun loyihasida aniq tartiblar belgilab berilayotganligi ta`kidlandi.
Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar deputatlariga qonun loyihasi mazmun-mohiyatini aholi hamda keng jamoatchilik orasida tushuntirish, uni yanada takomillashtirish bo`yicha takliflarni umumlashtirgan holda taqdim etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shuningdek, davra suhbatida ana shunday jarrohlik amaliyotini boshidan o`tkazgan yurtdoshlarimiz bu borada o`z fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilgani xalqimiz salomatligini muhofaza qilish hamda ularga qulayliklar yaratilishida muhim hujjat bo`lishini ta`kidladilar.







