Kecha, 20 sentyabr kuni AQShning Kornel universiteti, Fransiyaning Insead biznes maktabi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti Global innovasion indeks reytingini e`lon qildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Innovasion rivojlanish vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
O`zbekiston Global innovasion indeks reytingida 132 davlat orasida 86-o`rinni egalladi. Bundan avval mamlakatimiz reytingda 2020 yil 93-o`rin va 2015 yilda 122 o`rinlarni egallagan edi.
Global innovasion indeksi 20 sentyabr sanasida e`lon qilgan nashrining nomi “COVID-19 inqirozi orqali innovasiyalarni kuzatish” bo`lib, hisobot COVID-19 inqirozning global innovasiya ko`rsatkichlariga ta`sirini baholaydi.
Global innovasion indeks (The Global Innovation Index) 81 ta ko`rsatkichdan iborat va ular iqtisodiy rivojlanishning turli darajalarida bo`lgan mamlakatlarning innovasion rivojlanishini tavsiflaydi. Mazkur indeks ikki subindeks ko`rsatkichlarining o`rtacha qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. Birinchi subindeks innovasiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar (Innovation Input) – institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma, ichki bozor va biznesning rivojlanish darajasi kiradi. Ikkinchi subindeks esa innovasiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar (Innovation Input) – texnologiyalar va bilimlar iqtisodiyotining rivojlanishi hamda ijodiy faoliyat natijalarini o`z ichiga oladi.
Mamlakatimiz innovasiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar subindeksida o`tgan yilgi natijalaridan 6 pog`ona ko`tarilib 75 o`rinni; innovasiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar subindeksida esa 18 pog`ona ko`tarilib 100-o`rinni egalladi.
Reytingga ko`ra, O`zbekistonning dunyo miqyosida kuchli indikatorlari quyidagilar: “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar soni” - 7-o`rin, “Biznesni yo`lga qo`yishning soddaligi” - 8-o`rin, “Mehnat unumdorligi” - 8-o`rin, “Kapitalni yalpi tarzda to`plash” - 7-o`rin, “Ta`lim uchun davlat xarajatlari” - 28-o`rin.
Quyi o`rta daromad guruhi davlatlari orasida O`zbekiston 2021 yil 10-o`rinni egalladi. Mazkur guruh mamlakatlari orasida O`zbekiston institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma, va ichki bozorning rivojlanish darajasi yo`nalishlarida etakchi qatorlarini egallab turmoqda.
Global innovasion indeks reytingida Shveysariya — 1-o`rin, Xitoy — 12-o`rin Rossiya — 45-o`rin, Qozog`iston — 79-o`rin, Qirg`iziston — 98-o`rin, Tojikiston — 103-o`rinni egalladi.
Innovasion rivojlanish vazirligi tegishli davlat boshqaruv organlari va idoralari hamda xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda so`ngi yillarda O`zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va Global innovasion indeks reytingida o`rnini yaxshilashga qaratilgan salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Natijada, mamlakatdagi innovasion faoliyatda tub ijobiy burilishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam tarzda e`tirof etib kelinmoqda. Reytingning bu yilgi sonida mamlakatimizning O`rta Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari ichida 4-o`rinda ekanligi ta`kidlangan.
O`zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va innovasion rivojlanishda milliy o`lchamlarni to`g`ri belgilab olish, mamlakatning xalqaro miqyosda innovasion rivojlanishini ta`minlash uchun 2019-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini innovasion rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan va undagi asosiy vazifalardan biri etib 2030 yilga qadar respublikamizni Global innovasion indeks baholash reytingida etakchi 50 ta davlat qatoriga kiritilishi qat`iy belgilab berilgan.






