“Yirik shaharlarda, viloyatlar va tumanlar markazlarida tunu kun faoliyat yurituvchi savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlari joylashgan hududlarda jamoat xavfsizligini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori (587-son, 20.09.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Qarorga ko`ra, savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlarining 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritishga doir jamoat xavfsizligi bo`yicha soddalashtirilgan talablar o`rnatiladi. Bunda Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan:
- yirik shaharlarda, viloyatlar va tumanlar markazlarida tashkil etiladigan savdo va ko`ngilochar ko`chalarda qo`shimcha patrullik yo`nalishlari va postlar tashkil etiladi;
- xizmatga jalb qilingan naryadlarning zichligini oshirishni nazarda tutgan holda mavjud kuch-vositalar taqsimotiga tegishli o`zgartirishlar kiritiladi;
- tadbirkorlar mol-mulkini qo`riqlash, har xil favqulodda holatlarning oldini olish bo`yicha qo`shimcha choralar ko`riladi.
Qaror rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran 3 oy o`tgach kuchga kiradi.






