AsosiyJamiyat

Prezident Xorazmdagi muammolarni birma-bir sanab o`tdi

'Prezident Xorazmdagi muammolarni birma-bir sanab o`tdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrifini yakunlab, Xorazmni ko`zdan kechirmoqda.  "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning xabar berishicha, Prezident viloyatdagi to`rtta dolzarb muammoni birma-bir sanab o`tgan.

" – Bugungi kunda Xorazmdagi eng katta muammolardan biri – 80 mingdan ziyod aholi bandligini ta`minlashimiz kerak.   Shuningdek, mehnat bozoriga har yili 30 ming nafar yoshlar kirib kelmoqda.  Ayniqsa, bu masala Qo`shko`pir, Yangiariq, Yangibozor tumanlarida o`ta dolzarb.

Ikkinchi muhim masala – aholining hayot darajasi va infratuzilmani yaxshilash.  Viloyatda ko`plab oilalarning yashash sharoitini yaxshilashga ehtiyoj bor. Birgina  Xonqada 6 ming oila (18 foizi) uy-joyga muhtoj. Xazorasp, Xiva, Shovot, Yangiariq aholisining ichimlik suv ta`minoti past darajada qolmoqda.

Barcha tumanlarda yo`l-transport, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash talab etiladi.

Uchinchi jiddiy muammo – 542 ming nafar yoki 30 foiz aholining surunkali kasalligi bor. Urganch shahri, Xazorasp, Qo`shko`pirda – yurak qon-tomir, Xiva, Xazorasp, Xonqa tumanlarida – qandli diabet, Shovot, Xonqa, Xazoraspda – nafas yo`llari kasalliklari ko`p uchramoqda.

 To`rtinchi dolzarb masala – ta`lim sohasidagi muammolar viloyat yoshlarining salohiyatini va aniq fanlarga intilishini ro`yobga chiqarishga to`siq bo`lmoqda.

Viloyatda 30 ta maktabda o`qish 2–3 smenada tashkil etilmoqda. Kelgusi 5 yilda o`quvchilar soni 35 mingtaga ko`payib, maktablarga yuklama yanada oshadi", – degan davlat rahbari.

    Boshqa yangiliklar