Rossiya Federasiyasida havo harorati sovub borayotgan bir paytda, ushbu davlatdagi ayrim vatandoshlarimiz orasida o`z yaqinlari va do`stlarini ishga yaroqsiz holga tushib qolgani yoki salomatligi yomonlashgani sababli qiyin vaziyatda qoldirib ketish holatlari uchrab turibdi.
Shunday bo`lsa-da, qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimizga O`zbekiston hukumati, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz yordam ko`rsatmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar berdi.
Joriy yilning sentyabr oyi davomida O`zbekiston Respublikasining Novosibirk shahridagi bosh konsulxonasi hamda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi vakolatxonasiga fuqarolar X.A., I.A., K.A., P.I. turli sabablarga ko`ra, ishga yaroqsiz holatga tushib qolgani uchun Vatanga qaytarilishida amaliy yordam so`rab murojaat qildi.
Amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqarolarimizga Vatanga qaytish uchun aviachiptalar sotib olinib, O`zbekistonga jo`natildi.
Shuni alohida aytish joizki, atrofimizda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni qiyin ahvolga tashlab qo`ymaslik, ularga imkon qadar yordam berish o`zbek milliy urf-odatlari, an`ana va qadriyatlarining ajralmas qismidir.






