Bir muddat avval Toshkent shahrida o`qiydigan besh nafar talabaning murdasi ular ijarada turadigan uydan topilgani keng muhokamalarga sabab bo`lgandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudida uy egasiga nisbatan jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Hodisa bo`yicha tafsilotlar ma`lum bo`ldi.
XONADON EGASI ISITISh PEChLARI NOSOZLIGINI BILA TURIB...
Ma`lum bo`lishicha, sudlanuvchi ayol olti nafar talaba bilan qonuniy ijara shartnomasi tuzmay, ularni odam hayoti uchun xavfli va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan o`zining yashash uyining qo`shimcha qismini ijarada vaqtincha yashashi uchun ajratadi.
Xonadon “Hududgaz poytaxt” MChJning tuman filiali xodimlari tomonidan tekshirilib, isitish pechining dudbo`roni nosozligi: tortmayotgani, chirigani sababli qayta ulanmasligi, gaz idorasining mas`ul xodimi tomonidan isitish pechini dudbo`ronini sozligi tekshirilgandan so`nggina gazni isitish pechiga yoqishi shartligi haqida ogohlantiriladi. Biroq uy egasi ijarada yashovchi talabalarga go`yoki gaz idorasi xodimi bilan telefon orqali gaplashib, undan og`zaki ravishda ruxsat olganligini aytadi va talabalarning o`ziga dudbo`ronni sozlashga ruxsat bergan.
Shunga ko`ra, ijarachilar o`zlari bilganicha erto`lada joylashgan pech dudbo`ronining quvurlarini to`liq tozalamay, isitish pechiga gazni yoqib, ijara uyining xonalarini isitib, ishlatib kelishgan.
Uy egasining Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 22-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2-ilovasi, 139-qismining bir qancha bandlari qoidalarini mensimaganligi oqibatida ijarada yashovchi 5 nafar ijarachining murdalari noma`lum etiologik moddadan zaxarlanish tashxisi bilan topilgan.
EKSPERTIZA XULOSALARIGA KO`RA...
Respublika Sud tibbiyot ekspertizasi Toshkent shahar Morfologiya bo`limining xulosasiga ko`ra, ijarachilarning o`limiga is gazidan o`tkir zaharlanish natijasida o`tkir nafas va yurak, qon-tomir etishmovchiligi sabab bo`lgani aniqlangan. Ularning qonida toksik konsentrasiyasi turli foizlarda bo`lgan korboksi-gemoglabin moddasi topilgan.
Bundan tashqari, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2021 yil 23 apreldagi kompleks ekspertiza xulosasiga ko`ra, uyning xonalarida o`rnatilgan gaz uskuna va jihozlari texnik va me`yoriy qoida talablariga asosan o`rnatilmagani, amaldagi talablarga javob bermasligi, gaz uskuna va jihozlari o`rnatish texnik talablariga javob bermasligi, gaz uskunasi va jihozlarining dudbo`ronlari yonish mahsulotlarini chiqish yo`nalishlari to`g`ri o`rnatilmagani amaldagi talablarga javob bermasligi aniqlangan.
“IJARAChI ShERIKLARINING OG`ZIDAN KO`PIK ChIQIB YoTGANI HAQIDA XABAR BERDI”
Sudlanuvchi sudda aybiga iqror emasligini bildirdi...
— Uyda 2013 yildan beri bir o`zim yashab kelaman. Ushbu uy opamning nomida. Ikki nafar notanish yigitlar Andijon viloyatidan ko`rpa-to`shaklari bilan kelganini aytib, ijaraga qo`yishni iltimos qildi. Shu kunning o`zida 1004 raqami orqali gaz tarmoqlari xodimlariga qo`ng`iroq qilib, uy erto`lasida joylashgan gaz orqali ishlovchi isitish pechini tekshirib berishlarini so`radim. Chunki erto`ladagi isitish pechidan gaz hidi kelayotgandi. Gaz idorasi xodimlari gaz yuboriladigan quvurning jumragini sindirib qo`ygach, gazni o`chirib ketishdi. “Svarkachi” kelib jumrakni tuzatib ketdi. Yana 1004 raqamiga qo`ng`iroq qildim, ikki nafar gaz xodimi keldi. Ular avval barchasini sozlab, ishlatib ketishmoqchi bo`ldi. Keyin, gaz uskunasini o`chirib, dudbo`ronni tuzatishni va “azbes” trubaga almashtirishni aytib ketishdi. Shunda ijarachilar dudbo`ronni o`zlari sozlab olishlarini aytishgani uchun ruxsat berdim.
Uyning darvozasi yonidagi mazkur 3 ta xonani yigitlarga har oy 200 AQSh dollaridan to`lab borishlariga kelishganmiz. Shartnoma tuzish xotiramdan ko`tarilgan.
27 fevralda yigitlardan biri menga qo`ng`iroq qilib, ijarachi sheriklarining og`zidan ko`pik chiqib yotgani va ularni mazasi yo`qligi haqida xabar berdi. Unga kasalligimni, ko`chaga chiqolmasligimni aytdim. Shu payt qo`shnim qo`ng`iroq qilib, “uyingiz darvozasi tagida Milliy gvardiya xodimlari turibdi, ijaradagi yigitlarga biron narsa bo`lmaganmi?” dedi. Uyda mazam qochib yotgan vaqtimda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari kirib keldi. Holat bo`yicha batafsil tushuntirish xati olishdi.
O`zini aybsiz deb hisoblashini aytgan uy egasi suddan unga oqlov hukmi chiqarishni so`radi.
“DO`STLARIMNING JONSIZ HOLATDA YoTGANINI KO`RDIM”
Guvoh, ya`ni talabalardan biri sudda quyidagicha ko`rsatma berdi...
— Taxminan 24 yoki 25 fevral kuni havo sovib ketgani sababli bir sherigimiz erto`laga tushib, isitish pechini yoqib qo`ydi. Dastlabki kunlarda erto`ladagi gazdan biron bir hid kelayotganini sezmadik. 26 fevral kuni o`qishda bo`lgan vaqtimda birga o`qiydigan kursdoshlarim bilan Bo`stonliq tumanidagi kurort hudud hisoblangan joylarga dam olishga chiqishni kelishdik. 27 fevral soat 16:00 ga qadar dam olishda bo`lib, so`ng shaharga qarab yo`lga tushdik. Etib kelganimda, uyning biz yashaydigan qismiga kirish eshigi yopiq, lekin qulflanmagandi. Eshikni ochib, uy ichkarisiga kirdim, oshxona “pol”ida bir sherigim yotganini uning ko`zoynagidan tanib qoldim. Darhol qo`l telefonimning chirog`ini yoqib, qaraganimni og`zidan ko`pik ajralib, rangi oqarib ketgan holda yotardi. Ichkaridagi qolgan 4 nafar do`stimga qarab, “qaramaysanlarmi?” demoqchi bo`lib, ichkari xona eshigini to`liq ochgan vaqtimda u erda do`stlarimning jonsiz holatda yotganini ko`rdim. Odamlarni yordamga chaqirish uchun ko`chaga otilib chiqdim. Ko`cha boshidagi elchixonada qo`riqlash xizmati xodimi bo`lgan Milliy gvardiya xodimiga bo`lgan voqeani aytib berdim. U esa mahallaga mas`ul bo`lgan Milliy gvardiya xodimini chaqirib, u bilan birga voqea joyiga yubordi. U ham uyning eshigini ochib, ichkariga qaragan vaqtida sherigimning murdasi yotganini ko`rdi.
“ANDIJONGA OLIB KETIB, ERGA QO`YDIK”
Jabrlanuvchining qonuniy vakili – 21 yoshli ijarachilardan birining otasi sudda quyidagilarni bayon qildi...
— O`g`lim 2019 yil universitetiga o`qishga kirgan. 2020 yil sentyabrda 2-kurs talabasi sifatida onlayn darslarga qatnashib turgan. 3 dekabrda do`sti bilan Toshkent shahriga o`qishga ketdi. O`g`lim bilan telefon orqali gaplashib turardik. 12-13 fevral kunlari Andijon viloyatiga uyga kelib, 20 fevralda Toshkentga qaytib ketdi. Telefon orqali gaplashib turganmiz. 27 fevral soat 21:00 larda uyga ichki ishlar xodimlari kelishdi. O`g`lim Toshkentda zaharlanib qolgani, Toshkent shahriga borishimiz kerakligini aytishdi. Bu orada qo`shnim ham uyimga kelib, “o`g`illarimiz zaharlanib qolibdi. Toshkentga borishimiz kerak”, dedi. Zudlik bilan shaharga etib bordik. Farzandlarimiz vafot etganini bilib, Andijonga olib ketib, erga qo`ydik.
Uch nafar jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari ham sudlanuvchiga qonuniy chora ko`rishni so`rashdi...
SUD HUKM O`QIDI
Temur XASANOV,
Jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudi sudyasi:
—Sudlanuvchi– uy egasi Jinoyat kodeksining 102-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topildi va unga shu modda bilan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Manfaatdor tomonlarga etkazilgan moddiy va ma`naviy zarar bo`yicha fuqarolik ish yurituvi tartibida fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqiga ega ekanliklari tushuntirildi.