So`z ustasi Xojiboy Tojiboevning “Chang bo`lmasa, jang bo`lmasa, inson ming yil yashaydi” degan hazilomuz gapida jon bor ekan. Dunyo mutaxassislari tomonidan o`limga olib keluvchi holatlar tahlil etilganida ayon bo`ldiki, insoniyatning halokatiga urush, ocharchilik, kasalliklardan ham ko`ra ekologiyaning ifloslanishi ko`proq sabab bo`lar ekan. O`limning asosiy aybdori sifatida aynan notoza atrof-muhit ko`rsatilmoqda. Buni boshqacha qilib zaharlanish, deb atasa ham bo`ladi. Binobarin, buzuq ekologik muhit insonni zaharlab, xavfli kasalliklarga eshik ochishi tibbiy jihatdan isbotlangan.
Biroq, bu omil insoniyatning diqqat markaziga o`rnashib ulgurmadi. Ekologiyaning ifloslanishi sabab o`limga yuz tutganlar soni OITS, bezgak, sil qurbonlaridan 3 barobar ko`pdir. Urushda halok bo`lganlar esa ekologik muammo bois vafot etganlardan 15 marta kam ekan. Xatto Er yuzini titratgan koronavirus vabosi ham ekologik muammolar oldida holva. Notoza atrof-muhit kishi bilmas holda zararni singdirib ulguradi.
Shuningdek, havoning ifloslanishi natijasida ba`zi saraton kasalliklari kelib chiqishi aniqlangan. Jumladan, atrof-muhit va havoning tamaki tutuni, asbest, kvars, erituvchilar, dizel moyi chiqindisi, ko`mir mahsulotlari, bo`yoq yoki yog`och changlari bilan ifloslanishi, havoda radon gazining mavjudligi o`sma kasalliklari rivojlanish xavfini oshirishi mumkin. Ichimlik suvining tarkibida ko`p miqdorda margimushning bo`lishi teri, qovuq va o`pka saratonini rivojlantirishi aniqlangan.
Ekologik muammolar bolalar hayotini ham xavf ostida qoldiradi. Zararli ekologik muhit sababidan xromosomalarda norasolik vujudga kelgan bo`lsa, aqliy va jismoniy rivojlanishdan orqada, nogiron bolalar dunyoga keladi. Onkologik xastaliklarning sabablari ko`p, ammo unga asosan yomon ekologiya aybdordir. Qaysi hududda ekologik holat tang bo`lsa, o`sha erning bolalarida xavfli o`smalar ko`p kuzatiladi.
Ekologik nosozlik nafaqat onkologiya, balki boshqa kasalliklar, masalan allergik va infeksion dardlarga sababchidir. Mutaxassislarning yangi izlanishlariga ko`ra, har uchinchi holatda to`satdan o`lim sindromiga atrof-muhitning avtomobil gazlari bilan ifloslanishi sabab bo`lmoqda.
Havodagi changga qarshi qanday kurashish mumkin? Buning yo`llari ko`p, masalan sun`iy ko`llardan foydalanish. Undagi suv havoning namlik miqdorini mo``tadillashtirib, atmosferani tozalab turadi. Lekin yurtimizda suv havzalari ko`paytirilishning o`rniga ularni yo`q qilishga harakat qilinayotgani taassufli holatdir. Bundan ancha yillar avval poytaxtdagi O`zbekiston davlat konservatoriyasi binosi o`rnida katta ko`l bo`lardi, hozir undan asar yo`q. Yaqinda Milliy bog`dagi ko`l ham tag-tugi bilan yo`q qilinib, o`rniga allaqanday “siti” qaqqaytirib qo`yildi. G`afur G`ulom nomidagi istirohat bog`i ham shunday rejalar changalida turibdi.
Amerika naturalisti Genri David Toro ko`llarga “Erning ko`zi” deya ta`rif bergan. Afsuski, hozir bizda muhtasham “siti”larga ruju qo`yilib, hayot va sog`liq uchun foydali manbalardan voz kechilmoqda. Yurtimizda soha mutaxassislari etarli bo`lishiga qaramay ularning hukumat qarorlari payti fikr bildirmay, qo`l qovushtirib o`tirishi taajjublanarli.
Suv resurslarini muhofaza qilish zarurligi so`nggi o`n yil mobaynida bir qator global va mintaqaviy muzokaralarda muhokama qilingan. Masalan, bu mavzu 1992 yilda Suv va atrof-muhit bo`yicha xalqaro konferensiyada (Dublin konferensiyasi) taqdim etilgan bo`lib, uning xulosalari Dublin tamoyillari deb atalgan.
Bu 1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit va barqaror rivojlanish konferensiyasi ("Er sammiti")da ham ushbu masala ko`tarilgan. 1999 yilda Butunjahon suv kengashi "Suvning umumiy ko`rinishi" deb nomlangan hujjatni ishlab chiqqan bo`lib, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo`yicha asosiy ko`rsatmalar berildi.
2002 yilda Yoxannesburgeda bo`lib o`tgan Barqaror rivojlanish bo`yicha jahon sammitida suv XXI asrning global ustuvor yo`nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Ichimlik suvi – alohida katta mavzu, hozir so`z yuritayotganimiz sun`iy suv havzalari ham muhim masala bo`lib, jiddiy e`tiborni talab qiladi.
Orol dengizi - Markaziy Osiyodagi yopiq havzada joylashgan katta ko`l. Sovet tuzumidagi noto`g`ri siyosat – paxta dalalarini sug`orishdagi xo`jasizlarcha munosabat, ya`ni Orol dengiziga oqib tushayotgan daryolardan katta miqdordagi suvning burilishi tufayli suvning maydoni va hajmi sezilarli darajada kamaygan, oqibatda sho`rlanish darajasi oshgan. Bu xatoning azobini haligacha tortyapmiz. Mamlakatimizda dengiz yo`qligi bois O`zbekiston yod tanqisligiga uchragan hududlar ro`yxatida turadi, aholining katta qismi turli daraja va ko`rinishlardagi endokrin kasalliklar bilan yuribdi.
Shunga o`xshash xatolikka Xitoyda ham yo`l qo`yilgan. 1950-yili Xubey provinsiyasida guruch maydonlarini ko`l suvlari hisobidan meliorasiya qilish mamlakatdagi ko`llar sonini kamaytirib yubordi. Shuningdek, Uxan shahrida uylar qurish uchun erlarni o`zlashtirish ko`llarga va ularning suvlaridan foydalanishga katta ta`sir ko`rsatdi. Tarixda saboq chiqarishga undovchi voqealar ko`p. Fors shoiri Rudakiy aytganidek, “Kimda-kim hayotdan olmasa ta`lim, Unga o`rgatolmas hech bir muallim”.
O`zbekiston Ekologik partiyasi “navnihol” siyosiy kuch bo`lishiga qaramay, ekologik muammolar hajman unga moslashmasligi tabiiy. Balki mazkur tashkilotning faoliyati atrof-muhitdagi vaziyatdan kelib chiqib, salmoq kasb etishi shart.
Bahrom ABDUHALIMOV,
“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi