Ma`lumki, mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 27 maydagi tegishli qaroriga binoan yurtimiz tez tibbiy yordam xizmati uchun yangi va zamonaviy rusumdagi tez tibbiy yordam avtomashinalarini xarid qilish belgilangan edi.
Ushbu qaror ijrosini ta`minlash maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi hamda Jizzax avtomobil zavodi o`rtasida tez tibbiy yordam mashinalarini etkazib berish bo`yicha shartnoma imzolangandi.
Bugun, 24 sentyabr kuni, mazkur shartnomaga muvofiq yurtimizda ishlab chiqarilgan A toifali “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalarining birinchi bosqichini hududiy sog`liqni saqlash boshqarmalari tizimidagi tez tibbiy yordam shaxobchalariga etkazib berish boshlandi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Abdulla Azizov so`zga chiqib, tez tibbiy yordam xizmatiga topshirilayotgan ushbu avtotransport vositalari tizim faoliyatini yanada rivojlantirish, bu orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish imkonini berishini aytib o`tdi.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, keyingi yillarda yurtimizda tibbiyotning eng muhim yo`nalishi bo`lgan tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish, zamonaviy tibbiy texnika va transport vositalari sonini yanada oshirish, soha amaliyotiga eng so`nggi ilmiy-texnik vositalar va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etishga katta e`tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, mazkur xizmatni eng so`nggi rusumdagi va barcha qulayliklarga ega bo`lgan zamonaviy avtotransport vositalari bilan ta`minlash borasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar kechiktirib bo`lmaydigan vaziyatlarda ko`plab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini berayotir.
Bu borada raqamlarni tahlil qilsak, birgina o`tgan 2020 yilda Toshkent shahar “Tez yordam” stansiyasiga 150 dona “Ford” rusumli reanimasion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan avtomashinalar xarid qilindi.
Vaholanki, bundan to`rt yil avval ushbu tizimda reanimobillar soni atigi 24 ta edi. Bugun esa “Tez yordam” xizmatidagi 435 ta reanimobil xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatib, 13 ming nafar aholiga bitta avtomashina to`g`ri kelmoqda. E`tiborlisi, bu raqam ham bundan bir necha yil avval 15 ming nafardan iborat edi.
Sohadagi muhim o`zgarishlardan yana biri shuki, keyingi yillarda “Tez yordam” brigadalari dislokasiyasi qayta ko`rib chiqilib, aholi yashash punktlariga yanada yaqinlashtirildi.
Natijada o`tgan to`rt yil davomida xizmat ko`rsatish radiusi 15-20 kilometrdan 9-12 kilometrga qisqardi.
Shu bilan birga, “Tez yordam”ning kechikishi 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaydi.
Ya`ni, 2016 yilda chaqiriqlarga etib borish vaqti o`rtacha 25-30 daqiqa bo`lgan bo`lsa, hozirga kelib, bu raqam atigi 8-12 daqiqani tashkil qilmoqda.
E`tiborlisi, “Tez yordam”ga yangi “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam mashinalarining topshirilishi sohadagi ijobiy o`zgarishlarning mantiqiy davomi bo`lib, bu o`z navbatida tizimda ko`rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va uni xalqqa yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur zamonaviy avtomashinalar mamlakatimizning barcha hududlariga teng taqsimlanadi va ushbu xizmatning avtotransport parkidagi eski “Damas” avtomashinalarini almashtiradi.
Aytish mumkinki, eng so`nggi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan ushbu avtotransport vositalari xalqaro talablarga to`la mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy xodimlarning qulay joylashishi imkonini beradi. Qolaversa, ambulans aynan qaysi tibbiy yo`nalishda foydalanilishiga qarab jihozlanishi mumkin.
Shuningdek, mazkur avtomashinalar shahar sharoitida harakatlanish bo`yicha yuqori texnik ko`rsatkichlarga ega bo`lib, o`tuvchanligi, ishonchliligi hamda tejamkorligi bilan alohida ajralib turadi. Eng muhimi, ushbu mashinalarda harakatni to`xtatmay turib ham bemorga zarur tibbiy yordam ko`rsatish mumkin.