AsosiyJamiyat

Agar so`z erkinligida ortga qaytsak, boshqa huquqlarni o`ylamasak ham bo`ladi – Karim Bahriev

'Agar so`z erkinligida ortga qaytsak, boshqa huquqlarni o`ylamasak ham bo`ladi – Karim Bahriev'ning rasmi

Taniqli jurnalist OAV erkinligi va jurnalistlar himoyasiga bag`ishlangan qonunlarni tasdiqlamay kelayotgani uchun Qonunchilik palatasini tanqid ostiga oldi.

23 sentyabr kuni Toshkentdagi Milliy matbuot markazida O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan «O`zbekistonda jurnalistlarning huquqiy himoyasi: muammo va echimlar» mavzusida davra suhbati o`tkazildi.

Tadbirda taniqli jurnalist va media huquqi mutaxassisi Karim Bahriev chiqish qildi hamda jurnalistlarni qiynab kelayotgan qator to`siqlar haqida gapirdi.

Uning so`zlariga ko`ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bugungi kunda so`z erkinligi va jurnalistlar huquqlarini ta`minlashga oid qator qonunlarni tasdiqdan o`tkazmay kelayotgani sohada ko`plab muammolarni yuzaga keltirmoqda.

«Deputatlar – xalq xizmatkori. Xalq istagi va orzularini ro`yobga chiqaradiganlar ham ular. Ammo bizda deputatlik joyiga shu joydan ketganidan keyin o`tiriladigan mansab uchun kelinadi. Shuning uchun ularning tafakkuri xalqqa emas, mansabdorga kerak qonunlarni qabul qilishga o`rgangan.

Hozir so`z erkinligini ta`minlash bo`yicha hatto prezident qat`iy iroda ko`rsatyapti. Lekin jurnalistlar himoyasiga oid bir nechta qonunlar bugun deputatlar qo`lida turibdi. Masalan, jurnalistlarni himoya qilishga oid qonunni oling. Ushbu qonunda jurnalistlarning majburiyatlari bir yarim bet qilib belgilab qo`yilgan. Agar jurnalist bu qoidalarni buzsa, katta miqdorda jarima belgilangan va qattiq jazolar oladi. Lekin qonunda uning faoliyati himoyasiz qolsa, bunga jazo bormi? Yo`q.

Jurnalistlarni himoya qilishga oid qonunda uning faoliyati tegishli tartibda himoya qilinadi, deyilgan. Lekin o`sha tegishli tartibning o`zi yo`q.

Parlamentda «Televidenie va radioeshittirish to`g`risida»gi qonun loyihasi ham necha yillardan beri qabul qilinmay yotibdi. Bu qonun Tojikistonda ko`p yillar avval qabul qilingan va hozir ishlayapti.

Shuningdek, bizda «Davlat sirlari to`g`risida»gi qonun bor. Unda davlat sirlarining ro`yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, degan norma bor. Sovet ittifoqi davrida senzura bor edi, lekin biz aynan nima davlat siri ekanligini bilardik. Senzura bekor bo`lgach, bu ro`yxat OAVning bosh muharrirlariga berilishi kerak edi. Chunki inson davlat siri nima va nimalar sir tutilishi kerakligini bilishi lozim. Inson o`zi bilmaydigan narsasini qanday qilib saqlaydi?

Hozir birorta muharrirda bu sirlar ro`yxati yo`q. Shuni qonuniy qilib kiritsa bo`ladimi, bo`ladi. Uzoqqa bormaylik, qo`shnimiz Tojikistonda «Davlat sirlari to`g`risida» qonun bor.

Yaqinda Jinoyat kodeksining yangi tahriri parlamentda ko`rib chiqildi. Kodeksga jurnalistning kasbiy faoliyatiga to`sqinlik, ularni turli ko`rinishdagi material yozish yoki yozmaslikka majbur qilish jinoyat ekanligi haqida modda kiritilgan. Lekin u hanuz qabul qilinmay turibdi.

Ma`muriy kodeksda jurnalistni ta`qib qilganlik uchun javobgarlik kiritish masalasi ham parlamentda turibdi. «Ommaviy axborot vositalari to`g`risida»gi qonun ham turibdi», – dedi Karim Bahriev.

Uning fikricha, O`zbekistonning OAV to`g`risidagi qonunlarida mulkni chegaralash holatlari mavjud. Bu mustaqil tahririyatlarning rivojlanishiga katta to`siq bo`lmoqda.

«Masalan, yangi sayt ochish, matbuot tashkil qilish bu – biznes. Egasi o`zi ochgan saytdan foyda qilishni istaydi. Lekin qonunda unga chet el investisiyasini jalb qilish huquqi 30 foizga ham etmaydi – 29,9 foiz. Axir bu kabi holatlar juda eski zamondan qolib ketgan. Davlatda bu borada hamon qo`rquv bor. Lekin u tushunmaydiki, odamlar internet ishlatyapti. Xalq biladi-ku dunyoda nimalar bo`layotganini.

Yangi qonunda buni faqat 50 foizgacha ko`tarishdi. Lekin bu tartib ham qabul qilinmay turibdi», – dedi u.

Karim Bahrievning qo`shimcha qilishicha, so`z erkinligini ta`minlashda davlatning siyosiy irodasi juda muhim hisoblanadi.

«Bugun prezident siyosiy iroda ko`rsatyapti, ammo chinakam so`z erkinligiga erishish uchun prokuratura, sud va Adliya vazirligiga ham juda muhtojmiz. Ular hammani bir ko`zda ko`rishi kerak.

BMTning 1948 yilda qabul qilgan 56-rezolyusiyasida so`z va OAV erkinligi qolgan huquq va erkinliklarning tamal toshi, asosi ekanligi aytiladi.

Agar insonda erkin gapirish huquqi bo`lmasa, qolgan huquqlar ham amalga oshmaydi. Mamlakatda so`z erkinligida ortga qaytilsa, qolgan huquqlar haqida o`ylamasa ham bo`ladi», – dedi jurnalist.

    Boshqa yangiliklar