Joriy yilning 25 sentyabr kuni soat 19:24 da Samarqand viloyati Urgut tumani "Yuqori kalangar" MFYda joylashgan "Urgut Fayz savdo" MChJga qarashli ikki qavatli savdo markazida yong`in sodir bo`layotganligi to`g`risida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Mazkur holat yuzasidan voqea joyiga 3 ta yong`in-qutqaruv ekipaji zudlik bilan etib borgan va yong`in soat 20:38 da batamom o`chirilgan.
Yong`in oqibatida bino birinchi qavatining 98 m.kv maydoni shift qismi va savdo mahsulotlari yonib zararlangan. Ko`rilgan tezkor harakatlar natijasida binoning 420 m.kv maydoni yong`indan saqlab qolingan.
Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo`lganlar yo`q.
Hozirda yong`inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






