AsosiyJamiyat

Toshkentning qoq o`rtasidagi panjaralar ortidagi g`ayrioddiy Knyaz Romanov saroyi turistik maskanga aylanadi (video)

'Toshkentning qoq o`rtasidagi panjaralar ortidagi g`ayrioddiy Knyaz Romanov saroyi  turistik maskanga aylanadi (video)'ning rasmi

Bugun Toshkentdagi Knyaz Romanovning sobiq qarorgohini rekonstruksiya qilish va binoning asl me`moriy qiyofasini qaytarish masalalariga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tgan. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi. 

 Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1019-sonli qaroriga ko`ra Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasiga Toshkentdagi Knyaz Romanovning sobiq qarorgohini rekonstruksiya qilish va binoning asl me`moriy qiyofasini qaytarish ishonib topshirilgan. Loyiha Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Romanov qarorgohining tarixi

Saroy 1891-yilda me`morlar A.Benua va V.Geinselman loyihalari asosida o`z zamoniga mos “modern” uslubida qurilgan. Ikki qavatli nafis bino o`yma panjaralar, g`ayrioddiy shakldagi derazalar, minoralar va boshqa bezak elementlari bilan boyitilgan. Saroyda kutubxona, issiqxona va qishki bog` bo`lgan. Binoning orqa tarafidan mashhur toshkentlik botanik va farmasevt I.I.Krauze tomonidan qurilgan katta bog`ga chiqish yo`li bo`lgan. Saroy zallari quyuq eman bilan qoplangan, o`yma karnizlar va tilla kartinalar bilan bezatilgan. Uning ichki bezaklarini yaratishda an`anaviy ganch o`ymakorligi bilan shug`ullanuvchi mahalliy ustalar qatnashgan.

Saroy zallaridan biri sharqona uslubda bezatilgan. 

1918-yilda Nikolay Konstantinovich Romanov vafotidan oldin o`z saroyida muzey tashkil etish sharti bilan butun kolleksiyasini Toshkent shahriga sovg`a sifatida meros qilib qoldirgan. Uning o`limidan so`ng, saroyda san`at muzeyi tashkil etilgan. 1940-1970 yillar davomida saroyda Respublika pionerlar saroyi joylashgan edi. 1980-yillarda binoda O`zbekiston antikvar buyumlari va zargarlik san`ati muzeyi joylashgan. XX asr oxirida Saroy restavrasiya qilinib, O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Qabul uyi sifatida xizmat qilgan.

 

Ekspozisiya

Saroyning o`zi, arxitekturasi va badiiy bezatilgan intererlari bilan mustaqil bir eksponatdir. Kolleksiya buyumlari mavzuviy bo`linmalarga guruhlanadi va turli xonalar kontekstida namoyish etiladi. Bu buyumlar saroy tarixini qayta tiklaydi va bir vaqtlar saroyda knyaz hayoti davrida qanday bo`lgan bo`lsa xonalarga shunday joylashtiriladi. Zamonaviy ko`rgazma texnologiyalari va interaktiv maydonlar saroy podvallarida namoyish etiladi. O`zbekiston Davlat san`at muzeyi fondlaridan san`at asarlari kolleksiyalaridan 500ga yaqin eksponat yangilangan muzeyning doimiy ko`rgazmasiga kiritiladi. Bir vaqtlar saroyni bezab turgan marmar va bronza haykallardan tashqari, 120dan ortiq rangtasvir va grafika, 75 ta haykal, 20 ta mebel ashyosi muzeyga qaytariladi. Saroyning zallari va xonalari asl qiyofasini tiklaydi.

 

 

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov:

«So`nggi besh yil ichida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan mamlakatimiz tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylash, uni o`rganish va ommalashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirildi. Knyaz Romanov saroyi binosini restavrasiya qilish ana shunday yirik loyihalardan biridir. Mazkur noyob loyiha ishiga arxitektura va restavrasiya sohasining xalqaro professionallari jalb qilingan. Maqsadimiz – bu betakror me`moriy yodgorlik va unga tutash bo`lgan xiyobon maydonini saqlab qolgan holda, u erda jamoatchilik vaqt o`tkazishi uchun sharoit yaratishdir. Mehmonlar Markaziy Osiyo me`morchiligi uchun g`ayrioddiy bo`lgan bu joy bilan tanishishlari mumkin bo`ladi. Umid qilamizki, bo`lajak muzey poytaxtimizning asosiy diqqatga sazovor turistik joylaridan biriga aylanadi."

Bugungi kunga kelib binoni rekonstruksiya qilish va muzey dizaynining dastlabki konsepsiyasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Qayta qurish loyihasiga asosiy bino va uning qanotlarini tarixiy maqsadiga muvofiq rekonstruksiya qilish va tiklash bo`yicha me`moriy va muhandislik echimlari, eski daraxtlarni asrab qolish va qo`shimcha ko`kalamzorlashtirishni nazarda tutuvchi hovli hududi dizaynini, mavjud favvoralarni restavrasiya qilish, va eng muhimi, knyaz Romanov kolleksiyasidagi san`at asarlaridan iborat bo`lajak ekspozisiya rejasini o`z ichiga oladi.

Loyihani amalga oshirish Madaniyat va san`atni rivojlantirish Jamg`armasi Kengashi raisi o`rinbosari Saida Mirziyoevaning patronaji ostida amalga oshiriladi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar