AsosiyJamiyat

YuNISEF: O`zbekistonda internatda yashovchi bolalarning ulushi dunyodagi o`rtacha ko`rsatkichdan ikki baravar ko`p

'YuNISEF: O`zbekistonda internatda yashovchi bolalarning ulushi dunyodagi o`rtacha ko`rsatkichdan ikki baravar ko`p'ning rasmi

O`zbekistonda yuzlab bolalar tarbiyalanayotgan yirik internat muassasalari oxirgi chora emas, balki muqobil etakchi variant bo`lib qolmoqda. Bu haqda YuNISEFning soha muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilishidan "Daryo" nashri ma`lum qildi.

YuNISEFning bolalarni himoya qilish bo`yicha o`tkazgan tadqiqotida bolalarni internatlarga joylashtirishning asosiy sabablari keltirilgan. Ular: qashshoqlik, oilaviy muammolar, migrasiya va ajralish.

Hukumatning rasmiy ma`lumotlariga ko`ra, 2018-yilda 26 532 bola turli tipdagi internatlarda yashagan, ularning aksariyati nogironligi bo`lgan bolalar.

“Bolalarni ko`pincha nogironligi bo`lsa yoki oila moddiy etishmovchilik sezsa ularni internatlarga joylashtirishadi. Bunday hollarda bolalar oilaviy muhitda o`sish huquqidan mahrum bo`ladi. Bolalarni oilasidan ajratishdan ko`ra, muhtoj oilalarni qo`llab-quvvatlash va ularga bolalari bilan yordam berish yaxshiroq”, — deydi O`zbekistonda Bola huquqlari bo`yicha vakil Aliya Yunusova.

Qayd etilishicha, O`zbekistonda internat muassasalarida yashovchi bolalarning nisbati har 100 ming nafar bolaga 255 tani tashkil qiladi, bu dunyo bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichdan ikki baravarga ko`p. Ota-ona qaramog`isiz qolgan bolalarning eng katta qismi 7 yoshdan 17 yoshgacha, lekin ota-ona qaramog`isiz qolgan bolalar orasida ikki yoshgacha bo`lgan bolalar yanayam ko`p.

“Ota-onalar farzandlarini zarur bo`lgan barcha narsaga ega bo`ladilar deb maxsus bolalar muassasalariga topshiradilar, lekin bu noto`g`ri. Bola yolg`iz o`sib, ma`naviy va madaniy rivojlanishni yo`qotadi”, — deydi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari bo`yicha qo`mitasi raisi o`rinbosari Dilorom Toshmuhammedova.

Shu munosabat bilan YuNISEF Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi qoshidagi Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi hamda Bola huquqlari bo`yicha vakil bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida “Internat muassasalarida yashovchi bolalar haqida ma`lumotlarni yig`ish va xaritalash” tadqiqotini boshlagan. Ushbu tadqiqot O`zbekistondagi bolalarni parvarishlash tizimini isloh qilish bo`yicha ma`lumotlarni to`plashga qaratilgan.

Avvalroq O`zbekistonda bolalar nafaqasi va moddiy yordam bo`yicha murojaat qilgan fuqarolarga qo`shimcha qulaylik yaratilishi to`g`risida xabar berilgandi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar