AsosiyJAMIYAT

O`zbekistonda turli rangdagi paxtalar etishtiriladi yoxud tadqiqot dalalariga press-tur tashkillashtirildi (foto)

2019 yildan buyon 7 oktyabr dunyoda Xalqaro paxta kuni sifatida nishonlanib kelinadi....

'O`zbekistonda turli rangdagi paxtalar etishtiriladi yoxud tadqiqot dalalariga press-tur tashkillashtirildi (foto)'ning rasmi

2019 yildan buyon 7 oktyabr dunyoda Xalqaro paxta kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Bu sanani nishonlash taklifi Jahon savdo tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) kotibiyatlari bilan hamkorlikda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot bo`yicha konferensiyasi (UNCTAD), xalqaro savdo markazi (ITC) va xalqaro paxta bo`yicha maslahat qo`mitasi (ICAC) tomonidan taklif etilgan.

Bu kunga bag`ishlab tashkil qilinadigan tadbirlar paxta sanoatini, jumladan paxta etishtirish va uni qayta ishlashni rivojlantirishga qaratilgan tadqiqot hamda loyihalarni qo`llab-quvvatlashga hamkorlar va mutasaddilar e`tiborini qaratishga xizmat qiladi. 

Shu munasabat bilan Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan Paxta seleksiyasi, urug`chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga press-tur uyushtirildi. OAV vakillari institut qoshidagi paxta urug`i genofondi va noyob paxta navlari saqlanayotgan issiqxona faoliyati bilan tanishdilar, tadqiqot dalalarida paxta terimiga ham hissa qo`shishdi.

O`ZBEKISTONDA RANGLI PAXTALAR HAM O`SADI

Tajriba dalalarida Amerikadan olib kelingan daraxtga o`xshagan baland bo`yli, Avstraliyadan keltirilgan barglari yapaloq butaga o`xshash g`o`za navlarini, hatto oppoqmas, rangli, sariq, yashil rangli paxtalarni ko`rdik. Olimlarning aytishicha, ular turli mamlakatlardan keltirilgan g`o`za namunalarining genidan iqlimimizga mos zamonaviy namunalarni kashf etishda foydalanishadi. Shunda xorij namunalarining hosildorlik, qurg`oqchilikka chidamlilik yoki viltga chidamlilik kabi ijobiy jihatlari bizning navlarga o`tib qoladi.  O`zbek paxtasining ham boshqalardan ajralib turadigan o`ziga xos jihatlari bor. Bizning paxta navlarimiz tolasi qalinligi bilan ajralib turadi, deydi mutaxassislar.

Institut tadqiqotchilari paxtaning serhosil, issiqlikka va qurg`oqchilikka chidamli, xasharot va kasalliklargi bardoshli navlarini yaratish bo`yicha olib borilayotgan ishlar, o`zlarining tadqiqotlari, yutuq va muammolari haqida so`zlab berishdi.

STRATEGIK AHAMIYaTGA MOLIK GENOFOND

Malohat HOLIQOVA, laboratoriya mudiri, Qishloq xo`jaligi fanlari doktori:

–Genofondimizda turli mamlakatlardan yig`ilgan 12 mingga yaqin g`o`za namunalari saqlanadi. Bular o`z vaqtida har biri o`ziga xos qimmatli xususiyatlarga ega bo`lgani uchun saqlab qo`yilgan. Zamonaviy navlarimizning barchasi ushbu genofonddagi g`o`za namunalaridan foydalanib yaratilgan, – deydi  Bu erdagi namunalar unuvchanlik xususiyatini yo`qotmasligi uchun har 10 yilda bir marta ekib yangilanadi, shu tarzda doimiy barqarorligi ta`minlanadi. Bu namunalar paxtachilik tarixini o`zida aks ettiradi va har biri o`zida qimmatli xo`jalik belgilarini saqlagani, yangi navlarga bu xususiyatlarni o`tkazishda muhim bo`lgani hamda fundamental ilmiy-tadqiqotlarda foydalanilishi bois genofondimiz strategik ahamiyatga molik ob`ekt hisoblanadi. 

Mutaxassisning aytishicha, bu namunalar ham tirik organizm, chigit holida saqlanayotgan namunalar o`sib ketmasligi uchun iloji boricha muayyan namlik va haroratni saqlash kerak. Agar namunabop chigitlar daladan olib kelinganida maxsus shkaflarda quritilib, saqlashga qo`yilsa ular o`z xususiyatini uzoq vaqt saqlab qoladi, ularni vaqt o`tib, ekib-yangilashga zarurat qolmaydi. 

Hozirda nodir namunalarni saqlash va issiqxonalarni ta`mirlash bo`yicha bir qancha takliflar berilgan. Ushbu taklif va loyihalar tasdiqlansa kelgusida paxtachilikni yanada rivojlantirishga sezilarli hissa qo`shadi, – deydi tadqiqotchilar.

Fakt va raqamlarda

Hozirgi kunda O`zbekiston g`o`za ekin maydoni bo`yicha (1,0-1,1 mln. gektar) dunyo mamlakatlari orasida 6-o`rinni, paxta tolasini etishtirish bo`yicha (0,8-0,9 mln. tonna) 5-o`rinni egallab kelmoqda.

Ayni kunda yurtimizda 122 ta paxtachilik-to`qimachilik klasterlari mavjud. Ularda ham paxtaning yangi serhosil, ertapishar, qurg`oqchilik va sho`ralagan tuproqqa chidamli navlarini yaratish bo`yicha tadqiqotlar o`tkazilmoqda.

Paxtachilik sohasida 6,5 mlrd so`mlik 11 ta innovasion loyiha Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan. Yangi taqdim qilingan qator loyihalar ham ilmiy-texnik kengashlar tomonidan o`rganilmoqda. 

Hozirgi vaqtda iqlim o`zgarishi butun dunyodagi kabi yurtimizda ham paxtachilikda qator muammolarni vujudga keltiryapti. Er haroratining yildan yilga ko`tarilib borishi, qurg`oqchilik va suv zaxiralari kamayishi shular jumlasidan. O`zbekiston suv zaxiralari cheklangan region bo`lgani bois qurg`oqchilik qishloq xo`jaligida eng dolzarb muammo bo`lib turibdi. Shuning uchun suv tanqisligiga chidamli yangi navlarni yaratish va bu boradagi ilmiy-tadqiqotlarni moliyalashtirish eng dolzarb vazifalardan biridir.

Manzura BEKJONOVA

Boshqa yangiliklar