AsosiyJamiyat

“Ko`zi och” mansabdorlar: Ular kimlar? Qaysi soha etakchi?

'“Ko`zi och” mansabdorlar: Ular kimlar? Qaysi soha etakchi?'ning rasmi

“Jizzaxda prokuror DXX tomonidan qo`lga olindi”, “Samarqandda prokuror o`rinbosari jazoni engillatish uchun 10 000 dollar so`radi”, “Namanganda MIB rahbari fuqaroni o`qishga kiritib qo`yish uchun 700 dollar talab qildi”, “Buxoroda bojxona inspektori 800 AQSh dollari pora olayotganda qo`lga tushdi”... Bu mansabdorlarning birgina o`tgan sentyabr oyining oxirgi kunlarida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan fosh etilgan qilmishlari. Albatta ular qilmishiga yarasha qonun oldida javob berishadi. Ammo o`tgan qisqa davr mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida bir qator choralar ko`rilayotgan bo`lishiga qaramay, nafsi hakalak otgan mansabdorlar tomonidan hamon bu kabi poraxo`rlik, ta`magirlik, mansab vakolatini suiiste`mol qilish holatlarining uchrayotgani achinarli. 

 Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi keltirgan tahlillarga ko`ra, so`nggi yillarda respublikada korrupsiyaga oid jinoyatchilik darajasi oshganligini qayd etdi. Xo`sh, bu nimani anglatadi? Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal BURXANOV ana shu savol doirasida ushbu yo`nalishdagi eng muhim jihatlarga to`xtaldi. 

           "MANSABDORLARNING 105 NAFARI PORAXO`RLIGI UChUN JAVOBGARLIKKA TORTILGAN..."

– Olib borilgan qarshi kurashish choralariga qaramay, korrupsiyaviy holatlar tahlillariga ko`ra, 2020 yilda jami 1723 ta, shundan 9 nafar Respublika darajasidagi, 45 nafar viloyat darajasidagi, 1669 ta tuman va shahar darajasidagi mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan va korrupsiya oqibatida etkazilgan 500 mlrd so`mlik moddiy zararning 71% yoki 355 mlrd. so`mi aybdorlardan tergov davomida undirilgan. 

2020 yilda aniqlangan korrupsion jinoyatlar sodir etgan mansabdor shaxslarning eng katta qismi, ya`ni 835 nafar shaxs (48,5%) Jinoyat kodeksining (JK) 167-moddasida ko`rsatilgan – o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish jinoyatlarini sodir etgan. Shuningdek, JKning 168-moddasi – firibgarlik bilan 227 nafar shaxs, 184-moddasi – Soliqlar yoki boshqa majburiy to`lovlarni to`lashdan bo`yin tovlashbilan 207 nafar shaxs, 210-moddasi – pora olishbilan 105 nafar shaxs, 205-moddasi – hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilishbilan 58 nafar shaxs, 206-moddasi – hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish bilan 31 nafar shaxs, 207-moddasi –mansabga sovuqqonlik bilan qarash bilan 25 nafar shaxs, 209-moddasi – mansab soxtakorligibilan 16 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

                                     "YaNA O`ShA BIZ BILGAN TAShKILOTLAR ETAKChI"

– 2020 yil davomida mansabdor shaxslar faoliyat yuritgan davlat organlari va tashkilotlari kesimida o`tkazilgan tahlil davomida aniqlanishicha, 249 nafar Xalq ta`limi vazirligi, 166 nafar Sog`liqni saqlash vazirligi 166 nafar, 78 nafar bank, 70 nafar Maktabgacha ta`lim vazirligi, 53 nafar Ergeodezkadastr qo`mitasi, 31 nafar Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, 31 nafar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, 18 nafar hokim o`rinbosarlari, 18 nafar Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi, 13 nafar Davlat soliq qo`mitasi, 7 nafar Mudofaa vazirligi, 3 nafar sudya, 3 nafar Arxitektura qo`mitasi, 2 nafar Adliya vazirligi, 947 nafar boshqa vazirlik va idoralar mansabdor shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

                                         2021 YILNING 6 OYIDAGI HOLAT QANDAY?

– 2021 yilning 6 oyi mobaynida 2544 nafar mansabdor shaxsga nisbatan korrupsiya holatlari bilan bog`liq bo`lgan 1676 ta jinoyat ishlari tergov qilinib, sudlarga yuborilgan.

2021 yilning 6 oyi davomida aniqlangan korrupsion jinoyatlar sodir etgan mansabdor shaxslarning eng katta qismi, ya`ni 1297 nafar shaxs (51%) JKning 167-moddasida ko`rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar tashkil qilgan. Shuningdek, JKning 168-moddasi bilan 420 nafar shaxs, 210-moddasi bilan 80 nafar shaxs, 205-moddasi bilan
58 nafar shaxs, 206-moddasi bilan 4 nafar shaxs, 209-moddasi bilan
18 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

2021 yil 6 oyi davomida mansabdor shaxslar faoliyat yuritgan davlat organlari va tashkilotlari kesimida o`tkazilgan tahlil davomida aniqlanishicha, 107 ta Sog`liqni saqlash vazirligi, 74 ta Xalq ta`limi vazirligi, 69 ta davlat ulushi bo`lgan davlat tashkilotlari,
66 ta bank, 64 ta Maktabgacha ta`lim vazirligi, 55 ta Transport vazirligi, 32 ta Energetika vazirligi, 26 ta Suv xo`jaligi vazirligi,
26 ta Mehnat vazirligi, 24 ta Davlat Soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, 23 ta Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, 15 ta Madaniyat vazirligi, 15 ta Davlat soliq qo`mitasi, 14 ta Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi, 13 ta Qishloq xo`jalik vazirligi, 10 ta Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi, 9 ta hokim o`rinbosarlari, 9 ta Moliya vazirligi mansabdor shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

TAQDIM ETILGAN MA`LUMOTLARDAN KO`RINADIKI, MANSABDORLAR TOMONIDAN SODIR ETILGAN KORRUPSION QILMIShLAR SONI 2020 YILGA NISBATAN 2021 YILNING BOR-YO`G`I 6 OYIDA DEYaRLI IKKI BARAVARGA ORTGAN...

                           HOKIMLIK XODIMLARI JINOYaTChILAR RO`YXATIDA ETAKChI

– 2019-2020 yillar davomida mahalliy hokimliklarning 142 nafar xodimlari, jumladan 6 nafar hokim va 49 nafar hokim o`rinbosarlari korrupsion jinoyatlar uchun sudlangan.  Bunday korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etish holatlari asosan Toshkent viloyati (30 nafar), Toshkent shahri va Jizzax viloyati  (14 nafardan)  hissasiga to`g`ri keladi. Mahalliy hokimliklar tizimida korrupsiyaviy qilmishlarga asosan byudjet mablag`lari, jumladan qurilish uchun ajratilgan mablag`larni sarflash, davlat xaridlarini amalga oshirish, binolarni buzish bilan bog`liq kompensasiya masalalarini hal etishda yo`l qo`yilmoqda.

Yoki yana bir holat: Namangan viloyat hokimligining uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish boshqarmasi huzuridagi “Namangan ta`mirlash tiklash xizmati” DUK direktori J.Xashimov va buyurtmachi “Ko`p xonadonli uylarni va issiqlik ta`minoti ob`ektlarini qurish bo`yicha injiniring kompaniyasi” DUK Namangan viloyat filiali rahbari A.Tadjibaev bir guruh bo`lib, Davlat dasturiga asosan viloyat hududidagi ko`p qavatli uylarda bolalar maydonchasini qurish yuzasidan tanlov komissiyasiga o`zining rahbarligidagi “Namangan ta`mirlash tiklash xizmati” DUK hamda o`zi ta`sischi hisoblangan “Kapital qurilish dizayn servis” MChJ nomzodini qo`yish orqali g`oliblikni qo`lga kiritib, tuzilgan 1 mlrd. so`mlik pudrat shartnomalariga muvofiq, Namangan shahridagi 13 ta uylarda 170 mln so`mlik, To`raqo`rg`on tumanidagi  2 ta uylarda 8,9 mln so`mlik, Pop tumanidagi 3 ta uylarda
11 mln. so`mlik va Yangiqo`rg`on tumanidagi 4 ta uylarda 13 mln. so`mlik, jami 203 mln so`mlik qurilish ishlari bajarilgani haqida Shakl-3 hisobotlariga soxta ma`lumotlar kiritib, qalbaki ekanligini bila turib, ulardan foydalanib, haqiqatda bajarilgan ishlarga nisbatan 203 mln so`m mablag`larni ortiqcha olib, o`ziga ishonib topshirilgan va ixtiyorida bo`lgan juda ko`p miqdordagi byudjet mablag`larini o`zlashtirish yo`li bilan talon-taroj qilishgan.

Jizzax shahar hokimligi huquqshunosi J.Axbutaev fuqaro Z.Sa`dullaevni "Eski shahar buyum savdo kompleksi" AJ raisi o`rinbosari lavozimiga tayinlash evaziga 3.400 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan. Yoki, turar - joy qurishga er uchastkasi olib berish vaji bilan Nukus tymani hokimligi huquqshunosi A.Gobenov 94 mln  so`m, Tuproqqal`a tumani xokimligi xuquqshunosi A.Abdullaev 6,5 ming AQSh dollari, Chinoz tumani hokimligi bosh yuristkonsulti O.Tashmatov 5 ming AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olganligi uchun jazo muqarrarligi ta`minlangan.

                                                     XULOSA O`RNIDA

Ko`rinib turibdiki, korrupsiyaga qarshi kurash borasida o`nlab qonunlar, qarorlar qabul qilishimiz mumkin. Lekin jamiyat a`zolarining o`zi bunga qarshi turmasa, hech bir qonun yoki qaror bizga yordam berolmaydi. 

                                                                              Abdukarim ZARIPOV tayyorladi

    Boshqa yangiliklar