AsosiySport

​​ Vaksinani favqulodda qo`llash nimani anglatadi?⠀

'​​ Vaksinani favqulodda qo`llash nimani anglatadi?⠀'ning rasmi

Vaksinani yaratish va qo`llash uchun tasdiqdan o`tkazishning standart jarayoni bir necha yil davom etadi. Odatda, avval klinikoldi tadqiqotlar, keyin esa bosqichma-bosqich klinik tadqiqotlar o`tkaziladi. Ammo pandemiya doirasida bu jarayonlar tezkor o`tkazilishi mumkin. Ma`lum qilinishicha, ayni paytda dunyodagi Covid-19'ga qarshi vaksinalarning hech birining klinik tadqiqotlari to`liq yakunlanmagan.⠀

Shuning uchun ham pandemiyaga qarshi kurashni boshlash uchun vaksinani favqulodda qo`llash uchun ruxsat berish prosedurasi mavjud. Uning berilishi preparatni qo`llash foyda berishi va jiddiy nojo`ya ta`siri yo`qligi borasida etarli darajada dalillar borligidan dalolatdir. Pfizer, Moderna, AstraZeneca va shu kabi hozirda ma`lum bo`lgan Covid-19'ga qarshi vaksinalarning barchasi faqat favqulodda qo`llash ruxsatnomasiga ega.⠀

JSST tomonidan ma`qullangan, pandemiya sharoitida favqulodda qo`llash mumkin bo`lgan vaksinalar ro`yxati mavjud. Ammo har bir davlat boshqa vaksinalarni ma`qullash huquqiga ega. Negaki COVAX dasturi bo`yicha tarqatish uchun ma`qullangan preparatlarni etkazib berish hajmi pandemiya avjiga chiqqan paytda butun dunyo aholisini emlash uchun kamlik qiladi.

O`zbekiston ham, xuddi boshqa davlatlar kabi, o`z aholisini tezroq emlashdan manfaatdor, shuning uchun ham ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini favqulodda qo`llashni ma`qullagan birinchi davlat bo`ldi.

Biologiya fanlari doktori Alisher Abdullaevning so`zlariga ko`ra, ma`qullangan vaqtda vaksina JSST va boshqa xalqaro tashkilotlarning barcha reglamentlariga javob bergan. Shuningdek, O`zbekiston vaksina samaradorligini ko`rsatgan ikkita klinik tadqiqot ma`lumotlarini olgan. Shunday qilib, uzoq va puxta tekshiruvlardan keyin ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi davlatimiz tomonidan favqulodda qo`llash va sinovlarning uchinchi bosqichini o`tkazish uchun ma`qullandi.

Hozirgi kunga kelib sinovlarning III faza natijalari vaksina yuqori darajadagi xavfsizlik profiliga ega ekanini ko`rsatdi.  Aynan shu sababli ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi favqulodda qo`llash uchun nafaqat O`zbekiston va Xitoyda, balki, endilikda, Indoneziyada ham ma`qullandi.

 

    Boshqa yangiliklar