O`zbekiston terma jamoasi va Italiyaning «Roma» klubi hujumchisi Eldor Shomurodovning so`nggi o`yinlarda omadi yurishmayapti. Hatto terma jamoa safida ham o`zini ishonchsiz his qilmoqda.
Shomurodov har doim terma jamoa uchrashuvlarida a`lo darajada o`yin ko`rsatgan. Lekin oxirgi ikki o`yinda uning maydondagi faolligi susaydi. Ehtimol, Eldor o`z klubidagi vaziyat tufayli psixologik muammolarga duch kelayotgan bo`lishi mumkin.
Chunki Shomurodov "Roma" ning asosiy tarkibidan joy ololmadi. O`yinchi bu vaqt davomida etarli o`yin amalyotiga ega bo`lmaydi. Bu esa uning jismoniy va psixologik holatiga ta`sir qiladi. Qolaversa, futbolchi transfer narxi va unga bildirilgan ishonch tufayli bosim ostida.
O`zbekiston milliy terma jamoasining so`nggi ikkita o`yinida Eldorning o`ziga bo`lgan ishonchning pastligi ko`p vaziyatlarda sezilib qoldi. Balki bu o`yinlarning darajasi bilan bog`liqdir. Chunki har ikkala uchrashuv ham o`rtoqlik maqomiga ega edi.
Ammo Shomurodov terma jamoaning yangi sardori ekani va jamoaga yangi bosh murabbiy kelganini hisobga olsak, Eldor o`z imkoniyatini to`liq namoyon qilishi kerak edi. Ayrim xabarlarga ko`ra, Ispaniyaning "Sevilya" klubi Eldor bilan shartnoma imzolashga qiziqish bildirmoqda.