Gulruhbegim Tohirjonova ayollar o`rtasida shaxmat bo`yicha bo`lib o`tgan AQSh chempionatida ikkinchi o`rinni qo`lga kiritdi. Bu bilan Gulruhbegim AQSh milliy terma jamoasidan joy egalladi, deya xabar bermoqda olamsport sayti.
Ma`lum qilinishicha, o`zbekistonlik iste`dodli shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova hozirda AQShda istiqomat qilmoqda.
Aziza Umarovaning ma`lum qilishicha, Gulruhbegim Tohirjonova oilada yagona shaxmatchi emas, opa-singillari Nafisa va Xulkar ham grossmeysterlar.
Blogerning aytishicha, uch opa-singil asli qo`qonlik bo`lishgan. Qizlar shaxmat sirlarini o`z otalaridan o`rganishgan. Qizlarning kattasi — Nafisa xalqaro grossmeyster maqomini olgan ilk o`zbekistonlik ayolga aylanadi. Mavjud bo`lgan barcha musobaqalarda g`alaba qozonadi.
"- Nafisa 2007 yilda hududiy musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, ayollar o`rtasidagi Jahon chempionatiga yo`llanma oladi. Bu uni 18 yoshgacha bo`lgan qizlar o`rtasida 2008 yilgi Osiyo chempionati va 2010 yilgi Osiyo o`yinlaridagi bronza medallariga etaklaydi.
Federasiya bilan keskin munosabat 2014 yilda — uchala opa-singil (o`sha vaqtda sport ustasi maqomini olishga ulgurgan Gulruhbegim ham) reyting bo`yicha Olimpiada terma jamoasi a`zosiga aylanganda o`zining cho`qqisiga chiqadi.
Mamlakatning birinchi raqamli shaxmatchisi nima bo`lgan taqdirda ham qatnashar edi, biroq qolgan ikki singilga ruxsat berilmadi. Uchala qizdan faqat bir nafari bora olishi aytiladi. Shaxmatchilarning yuqori reytingiga qaramay federasiya shu qarorni qabul qiladi. Bunaqasi hech qaysi qoidalarda yozilmagan va aniq tushuntirish berilmagan. Opa-singillar bu adolatsiz qarorga qarshi chiqadi va o`z kuchlarini barchaga ko`rsatib qo`yish uchun ochiq ravishda qo`shimcha o`yin tashkil qilishni taklif qiladi. Federasiya rad etadi. Oxir-oqibatda uchala opa-singil ham ishtirok etishdan bosh tortadi. Sababi ular O`zbekiston terma jamoasida birga dona surishni butun umr orzu qilgandi.
Qizlar keyingi barcha yillarda turli musobaqalarda g`oliblikni qo`lga kiritdi. Kenja qiz — Gulruhbegim hatto Jahon chempionati yarim finaliga qadar etib bordi. O`zbekiston tarixida ilk bor ayol shaxmatchi bu natijani qayd etdi! Siz uni Toshkentda muxlislar to`dasi kutib oldi deb o`ylaysizmi? Uni hech kim kutib olmadi, avtomobil kalitini gapirmay qo`ya qolay, hatto bir dastda gul ham berilmadi. Uning muvaffaqiyatlari har doim e`tiborsiz qolardi, balki bunga federasiyaning «sa`y-harakatlari» sabab bo`lgandir.
Gulruhbegim AQShda bilim olish imkoniyatiga ega bo`ldi. U erda uning mashg`ulotlari, klubdagi faoliyati uchun ketgan barcha xarajatlari qoplab berilmoqda. Unga hech qanday federasiya xalal berolmaydi. Hech qanday qiziqishlar to`qnashuvi bo`lmaydi. Unda g`alabalar sari borish uchun yaxshiroq sharoit bor.
Bizda bu kabi iqtidorli qizlarni qadrlamasliklaridan afsusdaman. Biroq bu ajoyib shaxmatchilar qachonlardir Qo`qondagi oddiy o`zbek oilasida tug`ilganidan cheksiz faxrdaman. Ular qaerda sovrinli o`rinlarni egallamasin, o`zbek bo`lib qoladi. Qolgani — sport funksionerlarining aybi. Ota esa — tilla odam.
Biz sizlar bilan faxrlanamiz, qizlar! Siz millatimiz g`ururisiz, - deydi bloger Aziza Umarova.






