O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 25 oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi kuzatuvchilarining mamlakatimizdagi missiyasiga boshchilik qilayotgan MDH Ijroiya qo`mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida MDH Ijroqo`mi raisi davlatimiz rahbarini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishonchli g`alabaga erishgani bilan samimiy qutlab, mamlakatimiz farovonligi va ravnaqini ta`minlash yo`lidagi faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O`zbekistonda saylov qonunchiligi va saylov tartibotlarini rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishilgani alohida ta`kidlandi.
MDH doirasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari O`zbekiston Hamdo`stlik makonida, eng avvalo iqtisodiy yo`nalishda amaliy hamkorlikni mustahkamlashning qat`iy tarafdori ekanini ta`kidladi.
Xususan, tashkilotning shu oyda videoanjuman shaklida o`tkazilgan yubiley sammiti yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.






