Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari Akmal Saidov Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a`zosi Baronessa Satti bilan uchrashdi.
A.Saidov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, mazkur uchrashuv ikki davlat o`rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichida muhim o`rin tutishini alohida ta`kidladi. Suhbat chog`ida delegasiya a`zolariga mamlakatimizda so`nggi besh yilda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, har tomonlama puxta o`ylangan, o`zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatning ustuvor yo`nalishlari haqida so`zlab berildi.
Muloqot davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi o`rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalari muhokama etildi. Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishda parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligi qayd etildi.
Keyingi yillarda O`zbekistonda inson manfaatlari, huquqlari va erkinliklarini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga jahon hamjamiyati, xalqaro diplomatik korpus vakillari katta e`tibor qaratayotgani, ayniqsa, bu jarayon Buyuk Britaniya davlati va uning siyosatchilari tomonidan alohida qo`llab-quvvatlanayotgani ta`kidlab o`tildi.
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasida O`zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo`yicha tashkil etilgan Parlament komissiyasi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash bo`yicha davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etayotgani qayd etildi.
B.Satti 24 oktyabr kuni 5 ta saylov uchastkasida kuzatuv olib borganini va faqat ijobiy holatlarni kuzatganini ma`lum qildi.
Barcha saylov uchastkalarida bayramona muhit hukm surayotgani, COVID-19 pandemiyasiga qarshi barcha choralar ko`rilgani, xususan, saylov uchastkasiga kirish va chiqish uchun alohida yo`lakchalar tashkil etilganini e`tirof etdi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning ehtiyoj va manfaatlarini ta`minlashdan iborat ekanligiga, ayniqsa, navqiron avlodga beqiyos g`amxo`rlik ko`rsatilayotganiga yuqori baho berib, respublikada demokratik islohotlarning borishini qo`llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuvda Buyuk Britaniyaning Global sheriklik boshqaruvi jamg`armasi nodavlat tashkiloti bilan amalga oshirilgan loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish bo`yicha ham kelishib olindi.
Tomonlar Buyuk Britaniya bilan har tomonlama va konstruktiv aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan ham fikr almashdi. Turli sohalarda, jumladan, parlamentlararo yo`nalish orqali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida ishga solinmagan salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.






