Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Kamilova Mushtariyning dekan o`rinbosari tomonidan zo`rlashga harakat qilinib, derazadan itarib yuborilgani haqidagi xabarlar keng tarqaldi. Sal avval Bosh prokuratura holat bo`yicha tekshiruv olib borilayotganini, Toshkent shahar IIBB esa holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgani va Yu.Bag`ibekka nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanilganini ma`lum qildi.
Shundan so`ng, "darakchi.uz" voqea tafsilotlarini va jabrdiyda ahvoli haqida qo`shimcha ma`lumotlarni e`lon qildi.
Ushbu holatga Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o`rinbosari Saida Mirziyoeva ham munosabat bildirdi:
OTMda talaba qizlarga nisbatan xarassment (shilqimlik) - jiddiy muammo, Pedagogika universiteti talabasi bilan shu kunlarda sodir bo`lgan voqea buning yaqqol dalilidir.
Jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz. Albatta, bu haqda ochiq gapirishga jazm qilgan qizlarning jasorati va qat`iyati tahsinga sazovor. Biroq taz`yiq va nohaqlik haqida baralla gapira olmay, dardu hasratini mash`um kabinetlar hamda xotirasining uzoq burchaklariga dafn etganlar qancha! Jabrdiydaning o`zini ayblab, tergovni “yopti-yopti” qilib yuborilgan holatlar qancha! Qanchadan-qancha jinoyatchilar ojizani murosaga ko`ndirgani yoki qo`rqitib qo`ygani uchun suvdan quruq chiqqan?
Ayni kunlarda bu haqda tinimsiz o`ylayapman. Biz bu borada Senat, Bosh prokuratura, IIV va OAVning harakatini birlashtiradigan yirik loyihaga muhtojmiz. Aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart. Zo`ravonlik qurbonlari ularning nidosini eshitadiganlar va yordam beradiganlar borligiga ishonchi komil bo`lishi, zo`ravonlar esa jazo muqarrar ekanligini anglashi zarur.
Shunda nafaqat o`qishdan haydash yoki boshqa bahonalar bilan OTM talaba qizlariga tahdid qilishga, balki istalgan boshqa joyda ham lavozim va mavqeini suiste`mol qilish bilan qonunni buzishga yo`l qo`yilmaydi.