Bolalarda pnevmoniya belgilari va kasallikning qanday kechishi haqida ma`lum qilindi

Salomatlik 28.10.2021, 16:23
Bolalarda pnevmoniya belgilari va kasallikning qanday kechishi haqida ma`lum qilindi

 Pnevmoniya bolalarda qanday kechadi? Belgilari, tashxis va davolash usullari qanday? Ushbu savollarga Sog`liqni saqlash vazirligi bolalar bosh pulmonologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Furqat Shamsiev javob berdi. 

— Pnevmoniya kattalarga nisbatan bolalarda bir muncha og`irroq kechadi. Sababi, ularda immun tizimi yaxshi rivojlanmagan, shu bois ham bolalarda tana harorati ko`tarilmasligi mumkin. Bunday holatlarda ota-onadan ziyraklik talab etiladi.

Shuningdek, bolalarda mukosiliar klirens yaxshi rivojlanmagani hisobiga, unda dastlab quruq yo`tal, so`ngra, infeksiyaning tezda o`pkaga o`tish holatlari kuzatiladi. O`pka auskultasiyasida quruq va nam xirillashlar eshitiladi.

Bolada ushbu kasallik alomatlari aniqlanganda albatta shifokorga murojaat etish shart. Chunki pnevmoniya kasalligi O`RVIga nisbatan uzoq davom etadigan kasallikdir.

O`pkadagi yallig`lanish jarayonini aniqlash maqsadida turli xil tekshiruvlar olib boriladi: qon, siydik tahlili, qonda S-reaktiv oqsil, prokalsitoninni aniqlash, ko`krak qafasining rentgenografiyasi shular jumlasidandir.  

Pnevmoniya kasalligida qo`llaniladigan dori vositalari turli va murakkab xarakterga ega bo`lib, xastalikning sabablarini engishga (etiotrop terapiya), kasallik alomatlarini yo`qotishga (simptomatik terapiya), shuningdek, tana a`zolari tizimini tiklashga (yordam beruvchi terapiya) qo`llaniladi.

Shu bilan birga, kasallikni davolash uchun gipoallergen parhez, kislorod terapiya, havoni namlantirish va xonani shamollatish, vitamin D, immunosink, virusga qarshi, mukolitik va balg`am ajratuvchi dori vositalari, ko`rsatmaga binoan antibakterial davo, periferik qon aylanishni yaxshilovchi dorilar, og`ir holatlarda immunoglobulin G kabi mulojalar olib boriladi. 

Muayyan kasallikni davolash uchun dori vositalari individual tanlanadi va bemorning tashxisiga, umumiy ahvoliga qarab faqat shifokor tomonidan belgilanadi, deya izoh berdi mutaxassis.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1