Mana, kuzning ham ikki oyini ortda qoldirdik, ammo oktyabrning ikkinchi o`n kunligida yurtimizga kirib kelgan sovuq havo oqimi ko`pchilikni, ayniqsa viloyatlardagi aholimizning aksariyat qismini anchagina shoshirib qo`ygan bo`lsa, ajabmas. Ya`ni kutilmaganda erta kelgan sovuq issiqlik ta`minotiga nisbatan ehtiyojni yuzaga keltirdi va bu vaziyatga hali ko`pchilik tayyor bo`lmagani bor gap. Bunday deyishimizga sabab bor: negaki, gazetamizning avvalgi sonlarida aholimiz uchun qulaylik yaratish maqsadida kelayotgan sovuq havo oqimlarida uyni isitish uchun ko`mirni qaerdan, qanday olish haqida soha mas`ullari yordamida ma`lumot taqdim etgandik. Ana shu chiqishlardan so`ng aholi tomonidan ko`mir ta`minoti bilan bog`liq muammoli vaziyatlar bo`yicha yana savollar kela boshladi. Ana shu murojaatlar asosida biz yana mavzuga qaytdik va ko`mir ta`minotiga oid o`ta muhim mavsumiy muammoga “O`zbekko`mir” AJ Axborot xizmati rahbari Ne`mat DUShAEVning amaliy yordamida mutaxassislarni jalb etgan holda echim topishga harakat qildik.
BIR MUROJAAT MISOLIDA...
— Bir marta ham ko`mir ishlatmadik hali. Ko`mir yo`q deb murojaat qilsak “Bo`ladi, bo`ladi” deyishdan nari borishmaydi...
Avaz Mamatqulov,
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani:
— Ushbu murojaatni o`rganish jarayonida aniqlanishicha, murojaatchi Avaz Mamatqulov Oltinsoy tumanining “Pahlavon” mahallasida istiqomat qiladi. Ushbu mahalla gazlashtirilgan, ammo 2012 yilda noma`lum sabablarga ko`ra, tarmoqdan uzilgan bo`lib, mahalliy aholi amalda suyultirilgan gaz hamda o`tin va ko`mirdan foydalanadi. Xususan, kuz-qish mavsumi uchun ko`mir mahsuloti tumandagi “Dug`oba” mahallasida mahalliy hokimlik tomonidan beminnat ajratilgan maxsus ko`mir ombori orqali tarqatiladi.
Murojaatchi bilan o`tkazilgan suhbatda A.Mamatqulov hamqishloqlari suyultirilgan gaz va ko`mir masalasida qiynalayotgani, xususan, ko`mir mahsulotining qopini 30-40 mingdan sotib olishayotganini ma`lum qildi. Unga respublika, shu jumladan, oltinsoylik aholi ham respublika hukumati tomonidan kuz-qish mavsumi uchun ehtiyojiga yarasha arzonlashtirilgan mahalliy ko`mir bilan ta`minlanishi tushuntirildi.
ARZONLAShTIRILGAN KO`MIRNI OLISh TARTIBI QANDAY?
— Ana shu murojaatdan kelib chiqib, arzonlashtirilgan ko`mirni olish tartibini boshqa iste`molchilarga ham yana bir bor tushuntirib o`tsangiz...
— Aholiga arzonlashtirilgan mahalliy ko`mir tarqatish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 2 iyuldagi “Respublikada ko`mir briketlari ishlab chiqarish va sotishni kompleks tashkil etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 177-sonli Qarori bilan tartibga solinadi. Unga ko`ra, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida dastlab joylarda mahalla raislari tomonidan aholining ko`mirga ehtiyojmand qismi aniqlanib, uning reestri tuziladi. Ushbu reestr mahalliy hokimlik orqaliyuqori tashkilotlar — viloyat hokimi o`rinbosari, mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig`i tomonidan tasdiqlanadi.
Mazkur tasdiqlangan ro`yxat “Ko`mir ta`minot” MChJ tasarrufidagi ko`mir omborlariga yuboriladi va davlat tomonidan ajratilgan ko`mir yoqilg`isi ana shu ro`yxat va tasdiqlangan jadval asosida tarqatiladi.
Ko`mir xarid qiluvchi fuqaro ko`mir omboriga murojaat qilganida yonida, albatta, shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport asli va nusxasi) bo`lishi kerak. Shuningdek, ko`mirni olib ketish uchun tashqaridan yuk avtomashinasi yollaydi. Ko`mir ombori ma`muriyati tomonidan xaridorlarga avtotransport xizmati mavjud emas.
Ko`mir oluvchilar ro`yxatiga tushmay qolgan xonadon egalari (fuqarolar) ular o`zlari yashab turgan hududdagi mahalla raisining huzuriga boradi. Bunda fuqaroning haqiqatda ko`mirga ehtiyoji borligi aniqlansa, mahalla raisi oldin bergan ro`yxat bo`yicha shakllantirilgan ko`mir yoqilg`isi umumiy hajmini o`zgartirmagan holda uni qo`shadi yoki ko`mir oluvchilar uchun yangi ro`yxat shakllantirib biriktirilgan ko`mir omboriga taqdim etadi.
Afsuski, “Pahlavon” mahallasi aholisi, shu jumladan murojaatchi A.Mamatqulov (pensioner)ning ko`mir sotib olish bo`yicha yuqoridagi tartibdan tuzukroq xabari yo`q ko`rinadi.
“Darakchi”ga murojaat bo`yicha “Ko`mir ta`minot” MChJ Surxondaryo filiali mutasaddilari tomonidan “Pahlavon” mahallasi aholisining ko`mirga bo`lgan talabi o`rganildi va 2021 yil 18 oktyabr kuni dastlabki 2 500 kg. ko`mir mahsuloti etkazilib, MFY mutasaddilari kuzatuvida talabgorlar xonadonlariga tarqatildi.
Ayni paytda mahalla aholisi ko`mirga ehtiyoj sezgan taqdirda MFY orqali Dug`roba ko`mir omboriga murojaat qilishi tushuntirildi. Kam ta`minlangan, imkoniyati cheklangan fuqarolarga ko`mir mahsuloti MFY bilan hamkorlikda ular xonadoniga etkazib berish choralari ko`riladi.
MA`LUMOT UChUN
Shu o`rinda “O`zbekko`mir” AJning tahririyatimizga taqdim etgan bir ma`lumotiga e`tibor qaratish maqsadga muvofiq, ya`ni ma`lum qilinishicha, 2021/2022 yillar kuz-qish mavsumi uchun Oltinsoy tumani aholisiga tasdiqlangan 2500 tonna ko`mirning 19 oktyabr holatiga 1384 tonnasi etkazib berildi. Shuning 1253 tonnasi sotilgan. Ayni paytda omborlarda 39 tonna zaxira yoqilg`i mavjud. Demak, oltinsoyliklarda bu yil ko`mir ta`minoti muammosi bo`lmaydi, degan umiddamiz. Agar yuqorida keltirilgan tartib asosida murojaat qilib ehtiyojga qarab ko`mir ololmasangiz, biz yana siz uchun mas`ullar eshigini qoqishga tayyormiz.
RESPUBLIKA BO`YIChA ESA...
2021/2022 yillar kuz-qish mavsumi uchun respublika aholisiga 985 ming tonna ko`mir etkazib berish rejalashtirilgan. Shuning 705 ming tonnasini mahalliy, 280 ming tonnasini import ko`mir tashkil etadi.
Yil boshidan buyon 19 oktyabr holatiga respublika aholisiga 497 701 tonna ko`mir etkazib berildi. Ayni kunlarda mavjud omborlarda 33 979 tonna ko`mir zaxirasi mavjud.
YaNA BIR MUHIM VA`DA
Shuningdek, “Ko`mir ta`minot” MChJ Surxondaryo filiali rahbari Humoyun Po`latovning ta`kidlashicha, viloyat, shu jumladan Oltinsoy tumani aholisiga ko`mir etkazib berish bo`yicha tasdiqlangan rejani shu yilning 1 dekabriga qadar to`liq bajarishning barcha imkoniyatlari ishga solinmoqda. Shunday ekan, hudud aholisi bexijolat ko`mir olish uchun yuqorida keltirilgan tartibda murojaat qilaverishi mumkin.
"KO`MIR SIFATSIZ" DEGAN MUROJAATChILARGA QANDAY JAVOB BOR?
— Aholi ko`pincha etkazib berilayotgan ko`mirning sifatidan ham norozi bo`ladi. Bu borada qanday izoh bera olasiz?
— Sifat masalasi doimiy e`tiborda. Iste`molchilarni rozi qilish uchun ayni kunlarda ularning talabiga qarab ko`mir bir necha fraksiyalarda yuklab jo`natilmoqda.
O`tgan yili “Angren” ko`mir konida yangi ko`mir yuklash punkti qurib ishga tushirildi. Natijada byudjet tashkilotlari uchun sutkasiga 5 ming tonnagacha yoqilg`i yuklash imkoniyati vujudga keldi.
Yaqinda “Angren” ko`mir koniga Yaponiyada ishlab chiqarilgan qiymati 1 mln. dollarlik Hitachi rusumli ekskavatori keltirib yig`ildi. Odatdagi kon ekskavatorlari bajara olmaydigan nozik ishlarga mo`ljallangan ushbu texnika to`la quvvat bilan ishga tushirilsa, iste`molchilarga etkazib berilayotgan ko`mir sifati yanada yaxshilanadi.
O`rni kelganida qayd etib o`tish kerak, ko`mir sifati masalasida aholi o`rtasida noto`g`ri tushuncha shakllanib qolgan. Ya`ni ko`pchilik ko`mirga uning tashqi ko`rinishi (donador-xoka)ga qarab baho beradi. Mutaxassislar esa aksincha namlik, yonuvchanlik, koloriyalik darajasi va boshqa qator unsurlarini birinchi o`ringa qo`yadilar.
HAR BIR XONADON UChUN TASDIQLANGAN HAJM BORMI?
— Yana bir muhim savol: nega aholi mahalliy ko`mirni istagancha sotib olishi mumkin emas? O`zi har bir xonadon uchun belgilangan me`yor qancha?
— Shiddatli taraqqiyot energiya resurslariga talabni keskin oshirib yubormoqda. Tabiiy gaz, elektr energiyasi manbalari esa cheklangani hech kimga sir emas. Ko`mir zaxirasi haqida bunday deb bo`lmaydi. Negaki zaxira etarli. O`zbekiston hududi, xususan, “Angren” ko`mir havzasida aniqlangan zaxiralar 1,8 mlrd. tonnani tashkil etadi. Hozirgi vaqtda ushbu havzadagi mavjud uchta kondan yiliga o`rtacha 4 mln. tonna “qora oltin” qazib olinmoqda. Hozir bor quvvatlar shuncha qazib olish imkoniyatiga ega. Respublikamizda ko`mirga bo`lgan talab esa yildan-yilga oshib, hozirda 6 mln. tonnaga etgan.
Hozircha mahalliy ko`mir aholi talab ehtiyojiga qarab, avvaldan tasdiqlangan hajmda chakana savdoga chiqarib turilibdi. Sababi, uni omborda uzoq saqlash zarar. Ikkinchidan, mahalliy ko`mir arzonlashtirilgan bo`lib, chayqovga chiqib ketishining oldini olish, faqat ehtiyojmand va ko`proq kam ta`minlangan aholiga etib borishini ta`minlash maqsadida shunday qilinmoqda. Bu vaqtinchalik chora.
Yuqoridagi omillarga ko`ra, ko`mir aholiga har bir viloyatda kuz-qish mavsumining uzun-qisqaligiga qarab hamda xonadondagi oilalar sonidan kelib chiqib, 1,5 tonnadan 2 tonnagacha beriladi.
NAMANGANDA KO`MIRNING NARXI QANChA?
YaNA BIR MUROJAATGA EChIM IZLAB...
— Men Namangandan murojaat qilyapman. Gazetaning o`tgan sonlarida “O`zbekko`mir” mas`ullari ko`mir narxining (1 tonnasi)ni 300 ming 300 so`m deb ma`lum qilishgandi. Ammo biz tomonda bir tonna ko`mir narxi 850 ming so`mdan sotilyapti. Qaysi biri to`g`ri?
— Aholi tomonidan ko`mirning belgilangan narxdan qimmat sotilayotgani haqida ana shu kabi murojaatlar ham kam emas, bu holatga qanday izoh berasiz?
— Kuz-qish mavsumi uchun respublikamiz aholisiga ikki xil — mahalliy va import ko`mir taklif etilgan. Mahalliy ko`mir arzonlashtirilgan va qat`iy belgilangan narxda, import ko`mir erkin narxda sotilmoqda.
O`rganishlar shuni ko`rsatadiki, nisbatan qimmatligi uchun aholida import ko`mirga talab kam. Aksincha, mahalliy ko`mirga ehtiyoj yuqori. “O`zbekko`mir” AJ ana shu talab-ehtiyojlarni inobatga olib, mahalliy ko`mir etkazib berishni ko`paytirmoqda. Ayni kunlarda “O`zbekko`mir” AJ huzuridagi “Ko`mir ta`minot” MChJning respublikamiz bo`yicha 102 ta hududiy ko`mir ombori va shoxobchalari ishlab turibdi.
Mahalliy (Angren) ko`mirning chakana narxi (1 tonnasi) — 300 300 so`m.
Sizga “Ko`mir ta`minot” MChJ hududiy omborlarida mahalliy ko`mir o`rnatilgan qat`iy narxlardan yuqori sotilayotgan bo`lsa, quyidagi ishonch telefonlariga murojaat qiling:
“O`zbekko`mir” AJ — (78) 150-39-80, (78) 148-30-03
“Ko`mir ta`minot” MChJ — (71) 244-38-28.
Shuningdek, hududingizdagi ko`mir ta`minoti va sifati, etkazib berilishiga oid muammoli vaziyatlar haqida har hafta dushanbadan jumaga qadar soat 10:00 dan 16:00 gacha tahririyatimizning (+998 95) 194-64-16 telefon raqamiga qo`ng`iroq qilib bildirishingiz yoki @darakchipochta telegram manziliga murojaat qilishingiz mumkin. Biz sizni qiziqtirgan masalaga mas`ullar bilan echim topishga kafilmiz.
"O`ZBEKKO`MIR" AJ MUROJAAT BILAN ChIQDI
“O`zbekko`mir” AJ shu o`rinda mahalliy hokimliklar va mahalla fuqarolar yig`inlari raislariga murojaat bilan chiqdi. Murojaatda mahalliy hokimliklar va mahalla fuqarolar yig`inlari raislaridan aholi tomonidan kuz-qish mavsumi uchun o`zlariga ajratilgan ko`mirni o`z vaqtida xarid qilishlarida amaliy yordamlarini ayamasliklari so`ralmoqda. Zero, omborga keltirilgan ko`mir yoqilg`isi egasini kutib omborda uzoq qolib ketsa, uning sifati pasayadi. Xarid qilingan yoqilg`ining sifati buzilmasligi uchun iste`molchilar uni maxsus omborlarda, quyosh nuri tushmaydigan, usti yopiq joylarda saqlash tavsiya etilgan.
DARVOQE...
Ushbu mavzuni surishtirib, o`rganish natijalari va mas`ullar izohini nashrga tayyorlayotganda biz yana murojaatchi fuqarolardan biri Surxondaryoning Oltinsoyidan bo`lgan Avaz Mamatqulov bilan bog`landik. Murojaatchi ko`mir ta`minotiga oid murojaati echim topganidan va amaldagi tartiblardan xabardor qilinganidan minnatdorligini bildirdi. Hududga allaqachon ko`mir etkazib berilgani va aholiga tarqatish harakati boshlanganini ma`lum qildi. Biz murojaatlar misolida hududlardagi aholining mavsumiy, ya`ni ko`mir ta`minotiga oid muammolari echimi topilgani, bunga hissamiz qo`shilganidan xursandmiz. Aslida davlatimizning bugungi siyosatidagi bosh mezon — xalq roziligi ana shu emasmi?
Barno MADALIEVA