1

“Fastfud”lar miya xastaliklarini keltirib chiqarishi mumkin(mi?)

Jamiyat 08.11.2021, 19:15
“Fastfud”lar miya xastaliklarini keltirib chiqarishi mumkin(mi?)

 

Ko`plab kasalliklar noto`g`ri ovqatlanish tufayli yuzaga kelishini yaxshi bilamiz. Masalan, jigar, o`t qopi, oshqozon-ichak, qon-tomir, endokrin tizimi xastaliklari ko`pincha nosog`lom taomlanish asoratlari sifatida izohlanadi.

Ammo xuddi shu omil miya xastaliklari, xususan, aqliy zaiflikni ham keltirib chiqarishi mumkin ekan. Avstraliyalik olimlar o`z tadqiqotlari yakunida shunday xulosaga kelishdi.  

Jumladan, demensiya kasalligida miya to`qimalarining nobud bo`lishi kuzatiladi. Bu asetilxolin moddasi etishmovchiligi tufayli yuz beradi. Oqibatda bunday bemorlarning 60 foizida Alsgeymer qayd etilib, xastalik vaqt o`tishi bilan kuchayib boraveradi.

Avstraliyalik mutaxassislar zararli oziq-ovqatlardan butunlay voz kechish ana shunday holatlar xavfini sezilarli darajada kamaytiradi, degan fikrda. Chunki ba`zi taomlar tarkibidagi to`yingan yog`lar va transyog`lar demensiya rivojlanishini tezlashtiradi. Yog`li sut mahsulotlari, jumladan, sariyog`, shuningdek, shokolad, go`sht, palma va kokos moylari shular sirasidan.

Transyog`lar, ayniqsa, hozirgi kun iborasi bilan aytganda, “fastfud”lar, qizarib pishgan ovqatlar va gazaklar, do`konda xarid qilingan pishiriqlar, xususan, tort va pechene tarkibida ko`p uchraydi.  

Tadqiqotga ko`ra, yuqoridagi oziq-ovqatlarni iste`mol qiladigan odamlarda aqliy zaiflik va miya xasaliklariga chalinish xavfi ancha yuqori. Parhezga amal qiluvchi, ya`ni to`yinmagan yog`lar iste`molidan tiyiladigan kishilarda esa kognitiv buzilishlarning rivojlanish xavfi kamroq.

Bu faktlar ko`cha-ko`yda lavash, gamburger, xot-dog kabi tezpishar taomlarni ko`rsa, og`zining tanobi qochadigan, shirinliklarga mukkkasidan ketgan yoshlarimiz, ishdan keliboq yog`likkina, sergo`sht ovqatlarni paqqos tushiradigan yurtdoshlarimiz uchun uchun ogohlik qo`ng`irog`i bo`lsa, ajab emas.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1