Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazi va O`zR FA Bioorganik kimyo instituti olimlari tomonidan poytaxtimizda tarqalgan chang bo`ronidan keyin cho`kkan chang tarkibi o`rganib chiqildi.
Chang tahlili uchun namunalar poytaxtimizning Olmazor tumani «Beruniy» metro bekati va Mirzo Ulug`bek tumanining «Akadem shaharchasi» xududlaridan olingan.
Ma`lumot berilishicha, namunalar SEM - EVO MA 10 (Zeiss, Germaniya), Panalytical Empyrean rentgen difraktometri, Agilent 7890B gaz xromatografi kabi qurilmalarda tahlil qilingan.
" - Natijalar shuni ko`rsatadiki, chang hajmi 5 mikrongacha bo`lib, bu kattalikdagi chang zarralari ancha zararsizdir.
2021 yil 5 noyabrdagi chang namunalari 42 turdagi pestisidlarga gaz xromatografiyasi yordamida tahlil qilinganda namunalarda pestisidlar mavjud emasligi aniqlandi. Tahlil ma`lumotlari chang tarkibida tuz ham me`yorda ekanligini ko`rsatdi. Chang namunalarida rN o`lchovi chang eriganida ishqoriy xususiyatlarini ko`rsatdi.
Namunalar tahlili ular tabiatiga ko`ra standart chang ekanligini ko`rsatdi.
Chang tarkibida og`ir metallar, tuzlar, inson salomatligi uchun xavfli pestisidlar mavjud emas", - deyishmoqda olimlarimiz.






