Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan sog`liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasining ijrosini ta`minlash maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko`p tarmoqli klinikasida byudjet mablag`larining foydalanilishi, qonun hujjatlariga rioya etilishi holatlari va tizimda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish masalalari bo`yicha o`rganish o`tkazildi. Bu haqda Agentlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`rganishda, Klinika mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan byudjet mablag`larining maqsadsiz sarf qilinishi, o`zlashtirish va talon-taroj qilish holatlari, aslida ishlamagan xodimlar uchun oylik ish haqlari to`lab kelinishi, tibbiyot texnikalaridan foydalanish, pullik tibbiy xizmat ko`rsatishdan tushgan mablag`larning maqsadsiz sarflanishi, davlat xaridlarini amalga oshirishda bir qator qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
O`tkazilgan o`rganish yakuni bo`yicha, Klinika faoliyatida jami 9 mlrd. 747 mln. 598 ming so`mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan bo`lib, shundan 586.798.200 ming so`mlik byudjet mablag`lari rastrata qilish yo`li bilan talon-taroj qilinganligi ma`lum bo`ldi.
Mavjud aniqlangan holatlar yuzasidan to`plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.
Shunga muvofiq, Agentlik tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko`p tarmoqli klinikasi mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Hozirda, mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






