1

Har yili tez tibbiy yordam xizmatiga 11 milliondan ortiq chaqiriqlar bo`ladi

Jamiyat 11.11.2021, 18:28
Har yili tez tibbiy yordam xizmatiga 11 milliondan ortiq chaqiriqlar bo`ladi

Joriy yil O`zbekistonda Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining tashkil etilganiga roppa-rosa 20 yil to`ldi. E`tiborlisi, o`tgan vaqt ichida yurtimizda mazkur sohada qator ijobiy natijalarga erishildi.

Bugungi kunda xizmat bosh muassasasi – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM), uning joylardagi 13 ta hududiy va 179 ta tuman filialida 8300 dan ortiq o`rinlar tashkil etilgan.

Shuningdek, har yili tez tibbiy yordam xizmatiga 11 milliondan ortiq chaqiriqlar bo`lib, ayni paytda tizimda 60 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimi mehnat qilmoqda va ularning 12,5 ming nafardan ziyodi turli mutaxassislikdagi shifokorlardir.

Tizimda har yili 220 mingdan ortiq stasionar jarrohlik operasiyalari amalga oshirilayotgan bo`lsa, ularning 50 foizdan ziyodi yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar va eng zamonaviy jihozlar yordamida bajarilmoqda.

2018 yildan boshlab esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak transplantasiyasi bo`yicha operasiyalar o`tkazilmoqda. Shu bilan birga, har yili murakkab kardiojarrohlik operasiyalari amalga oshirilib, ularning 98 foizi ishlab turgan yurakda bajarilmoqda.

Bugun poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida boshlangan O`zbekiston Shoshilinch tibbiy yordam xizmati shifokorlari assosiasiyasi V S`ezdi va Evro-Osiyo Shoshilinch tibbiyot jamiyatining I Kongressida sohada erishilgan ana shu yutuqlar yana bir bor e`tirof etilib, kelajakdagi rejalar xususida o`zaro tajriba va fikr almashildi.

Ma`lumot o`rnida aytish joizki, O`zbekiston Shoshilinch tibbiy yordam xizmati shifokorlari assosiasiyasi 2008 yilda tashkil etilgan bo`lib, bugungi kunda mazkur uyushma mamlakatimiz va xorijda 7000 dan ortiq mutaxassisni o`z atrofiga jamlagan.

E`tiborlisi, sohada to`plangan tajribani birlashtirish va keyingi rivojlanish tendensiyalarini aniqlash maqsadida 2019 yil 5 ta davlat (O`zbekiston, Rossiya, Turkiya, Hindiston va Qozog`iston) professional jamiyatlari vakillari tomonidan Evro-Osiyo Shoshilinch tibbiyot jamiyati tashkil etildi. Pandemiya sababli mazkur hamjamiyatning I Kongressi Assosiasiya S`ezdi bilan birga o`tkazilmoqda.

Aytish joizki, ikki kun davom etadigan mazkur tadbir o`zaro tajriba va fikr almashish uchun ajoyib platforma bo`lishi kutilmoqda. Unda O`zbekistondan tashqari dunyoning 22 davlati, jumladan, Rossiya, AQSh, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Latviya, Moldova, Turkiya, Eron, Xitoy, Koreya, Hindiston, Yaponiya, Qozog`iston, Tojikiston, Ozarbayjon, Qirg`iziston va Ukraina kabi qator mamlakatlardan kelgan etakchi ekspertlar 160 dan ortiq ma`ruzalari bilan ishtirok etadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1