1

Hokim yordamchilari lavozimiga iqtisod sohasida tajribali bo`lganlar majburan o`tkazilayotgani rostmi? Holat tafsilotlari o`rganildi

Jamiyat 11.11.2021, 20:05
Hokim yordamchilari lavozimiga iqtisod sohasida tajribali bo`lganlar majburan o`tkazilayotgani rostmi? Holat tafsilotlari o`rganildi

Shu kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yangi tashkil etilayotgan — hokim yordamchisi lavozimi atrofida turli gap-so`zlar tarqalmoqda. Xususan, bank-moliya sohasi mutaxassislari mazkur lavozimga majburan o`tkazilayotgani gapirilmoqda.

Jizzax viloyatidagi muxbirimiz ayni mavzu yuzasidan o`rganish o`tkazdi va ushbu lavozimda ish boshlagan mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Sharofat NORIEVA, tadbirkor, Sharof Rashidov tumanidagi “Xolmuminov Zohid” ko`p tarmoqli fermer xo`jaligi rahbari:

– Men uzoq yillardan buyon tumanda tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib kelaman.

Prezidentimizning saylovoldi dasturida kelgusida har bir mahallada Prezident vakili, viloyat hokimining maslahatchisi bo`lishi, mahallaning o`z byudjeti bo`lib va maslahatchi mahalla byudjetining to`g`ri sarflanishini hal qilishi, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, kam ta`minlangan aholini kambag`allikdan chiqarish bilan shug`ullanishi aytilgan edi. 

Yaqinda ana shu lavozim bo`yicha tanlov e`lon qilganidan xabar topdim va o`z xohishim bilan suhbatdan o`tdim. Sababi — hozir tadbirkor sifatida barcha imkoniyatim va sharoitim etarli. Men ham shu jamiyatning bir vakili, elning farzandi sifatida xalqqa xizmat qilgim keladi. Aynan shu lavozimda ishlash o`zim yashayotgan mahallani obod qilish, odamlarning duosini olishga yaxshi imkoniyat deb bilaman.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gap-so`zlarni o`qib, ochig`i, hayron bo`ldim. O`ylashimcha, bu haqdagi gap-so`zlar bo`rttirib ifodalanyapti. Nega desangiz, birinchidan, bu lavozimning maoshi kam emas. Qolaversa, kim ham Prezidentning vakili bo`lishni, shu yurtga xizmat qilish, ertangi kunga o`zini daxldor his qilishni rivojlantirishni xohlamaydi deysiz?!

Alisher NIShONOV, iqtisod magistri, Jizzax shahar moliya bo`limi boshlig`ining birinchi o`rinbosari lavozimida ishlagan:

– Eng avvalo shuni aytishim kerakki, yangi tashkil qilingan lavozim — aslida,hokimga yordamchi emas, balki xalqning yordamchisi, ko`makdoshidir. Buning mohiyatini, ahamiyatini yaqin yillarda hamma tushunib etadi, deb ishonaman.

Tanlov haqida 30 oktyabr kuni televidenie orqali xabar topdim. Bu lavozimga ko`proq iqtisodchilar ma`qul kelayotganini eshitib, o`zimni sinab ko`rdim va suhbatdan muvaffaqiyatli o`tdim.

Men iqtisodchiman. Sakkiz yildan buyon moliya tizimida ishlab kelaman. Shuning uchun ham shu paytga qadar biror-bir mahalla o`zining mustaqil byudjetiga ega bo`lmagani, ayniqsa, qishloqlardagi muammolarning asosiy sababi ham — o`zining puli, byudjeti yo`q ekani tufayli ekanini yaxshi bilaman. Agar ajratiladigan mablag`lar to`g`ri sarflansa, mahalla obod bo`ladi, odamlarning issiq-sovug`idan xabar olish osonlashadi, qanchadan-qancha odamlar duo qiladi. Men uchun esa bu — o`zimni ko`rsatishim uchun yaxshi imkoniyat, o`ziga xos tramplin bo`ladi.

Darvoqe, bizga va`da qilinayotgan maosh oldingi ishimdagidan kam emas, aksincha, ko`proq. Bu ham o`ziga xos rag`bat albatta. Bu haqda ijtimoy tarmoqlardagi gap-so`zlarni esa internetdan emas, bizga o`xshab tanlovdan o`tib, lavozimga tayinlangan odamlardan aniqlik kiritishsa, to`g`ri bo`lardi.

Hasan BEGIEV, Mirzacho`l tumani hokimining birinchi o`rinbosari lavozimida ishlagan: 

– Ochig`ini aytganda, boshimda o`zim ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gap-so`zlarni o`qib, ikkilangan edim. Lekin asl vaziyat tamomila boshqacha ekanini tushunib etgach, o`zimni shu lavozimda sinab ko`rishga qaror qildim.

Agar siz bu lavozimning imkoniyat va vakolatlaridan yaxshiroq xabardor bo`lsangiz, uncha-muncha ishni tashlab kelsa arziydi, degan xulosaga kelishingiz aniq. Aynan shu erda ishlab xalqqa yaqin bo`lish, ishonchini va mehrini qozonish mumkinligiga amin bo`ldim. Aynan hokim yordamchisi bo`lib, mahalla va davlat rahbari o`rtasida ko`prik bo`la olishingiz mumkin.

Men to`rt-besh yildan beri rahbarlik lavozimlarida ishlab kelyapman. Shuni aniq bilamanki, lavozimning katta-kichigi bo`lmaydi. Eng muhimi — bizga ishongan odamlarga, o`zimiz katta bo`lgan mahallaga xolis xizmat qilish. Qolgani mehnatga, rizq-nasibaga qarab bo`laveradi. Quyi tizimni yaxshi bilgan, sidqidildan ishlagan kadr kam bo`lmasligi aniq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1