1

Toshkent viloyatida 16 fevral voqealari bo`yicha oqlangan 5 nafar shaxs ishi qayta ko`rib chiqiladi

Jamiyat 12.11.2021, 09:52
Toshkent viloyatida 16 fevral voqealari bo`yicha oqlangan 5 nafar shaxs ishi qayta ko`rib chiqiladi

1999 yilning 16 fevral kuni poytaxtdagi portlashlar sabab jinoiy javobgarlikka tortilgan  va oqlangan 5 nafar shaxs bo`yicha sud ishi qayta ko`rib chiqiladi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, kecha, 11 noyabr kuni, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati kassasiya instansiyasining ochiq sud majlisida Yo. Kamalov, M. Xodjaev, I. Yunusov, B. Begmatov va I. Burievga oid jinoyat ishi Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan keltirilgan protest asosida ko`rib chiqildi. 

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo`yicha Zangiota tuman sudining 1999 yil 30 iyundagi hukmiga ko`ra:

-  Yo. Kamalov (1968 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G`isht ko`prik” bojxona maskanida bosh nozir bo`lib ishlagan);

- M. Xodjaev (1973 yilda Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G`isht ko`prik” bojxona maskanida bosh nozir bo`lib ishlagan);

-  I. Yunusov (1970 yilda Toshkent viloyatida tug`ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G`isht ko`prik” bojxona maskanida bosh nozir bo`lib ishlagan);

-  B. Begmatov (1974 yilda Toshkent viloyatida tug`ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G`isht ko`prik” bojxona maskanida bosh nozir bo`lib ishlagan);

- I. Buriev (1973 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G`isht ko`prik” bojxona maskanida nozir bo`lib ishlagan) ga Jinoyat kodeksining 208-moddasi bilan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ular 1999 yil 30 apreldagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.

Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining 2021 yil 24 iyuldagi ajrimi bilan sudlanuvchilarning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo`lmaganligi sababli Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasi (reabilitasiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan reabilitasiya qilinib, jinoyat ishining ularga oid qismi harakatdan tugatilgan.

Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan keltirilgan protestda Yo. Kamalov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2021 yil 24 iyuldagi ajrimini bekor qilib, jinoyat ishini yangidan shu instansiya sudida ko`rish uchun yuborish masalasi qo`yilgan.

Sudlov hay`ati ushbu jinoyat ishidagi hujjatlarni tahlil qilib, quyidagi asoslarga ko`ra apellyasiya instansiyasi sudining ajrimini bekor qilishni va ishni yangitdan ko`rish uchun shu instansiya sudiga yuborishni, protestni qisman qanoatlantirishni lozim topdi.

Jinoyat-prosessual kodeksining 348-1-moddasi (yo`qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash) da yo`qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash prokurorning qaroriga ko`ra, jinoyat ishi yoxud uning materiallari sudda yo`qolgan taqdirda esa ijro etish uchun prokurorga yuboriladigan sud ajrimiga ko`ra yo`qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash jinoyat ishi hujjatlarining ushbu Kodeksda belgilangan tartibda dalillar deb topilishi mumkin bo`lgan saqlab qolingan ko`chirma nusxalari bo`yicha va prosessual harakatlarni bajarish orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Bunday holatda, Yo. Kamolov va boshqalarga nisbatan bo`lgan jinoyat ishini Toshkent viloyat sudida ko`rib chiqqanlik holatini qonuniy va asosli deb bo`lmaydi.

Shu sababli, kassasiya instansiyasi sudi Yo. Kamalov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2021 yil 24 iyuldagi ajrimini bekor qilib, ishni yangitdan shu instansiya sudida ko`rish uchun yuborishni lozim deb hisobladi.

Ishni yangitdan apellyasiya instansiyasida ko`rishda qayd etilgan holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to`la va xolisona tekshirib chiqib, qonun talablaridan kelib chiqqan holda qonuniy va asosli qaror qabul qilinishi lozim bo`ladi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati kassasiya instansiyasining 2021 yil 11 noyabrdagi ajrimi bilan Yo. Kamalov, M. Xodjaev, I. Yunusov, B. Begmatov va I. Burievga nisbatan chiqarilgan Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2021 yil 24 iyuldagi ajrimi bekor qilinib, ish yangidan shu instansiya sudida ko`rib chiqish uchun yuborilishi belgilandi. Toshkent viloyati prokuraturasining protesti qisman qanoatlantirildi.

(foto: Rost24)

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1