1

Xizmat ko`rsatgan fan arbobi, professor Shabat Xodjaev 98 yoshida vafot etdi

Jamiyat 12.11.2021, 14:06
Xizmat ko`rsatgan fan arbobi, professor Shabat Xodjaev 98 yoshida vafot etdi

Xizmat ko`rsatgan fan arbobi, O`zbekiston, Qoraqalpog`iston va Nyu-York akademiyasining haqiqiy a`zosi, professor Xodjaev Shabat Xodjaevich 98 yoshda vafot etdi. Bu haqda Innovasion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi. 

Xodjaev Sh.X. 1924 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan. 1946 yilda Toshkent tibbiyot institutining davolash fakultetini tamomlagan.

1946 yil noyabr oyida Sobiq Ittifoq Tibbiyot fanlari akademiyasining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar institutiga aspiranturaga o`qishga qabul qilindi (Moskva). Aspiranturani tamomlagach, nomzodlik dissertasiyasini himoya qilib, 1951 yilgacha shu institutda ishladi.  

1961 yilda Sh.X.Xodjaev Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida yuqumli kasalliklar kafedrasi professori, 1962-1965 yillarda ilmiy-ma`rifiy ishlar bo`yicha prorektor lavozimlarida ishlagan, 1964 yildan esa bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasini tashkil etib, 40 yil davomida unga rahbarlik qilgan.

Sh.X.Xodjaev 1967 yilda O`rta Osiyoda ilk bor 1-klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasida virusologiya laboratoriyasini yaratdi va O`zbekistonda birinchi marta gripp va boshqa o`tkir respirator kasalliklar diagnostikasi uchun immunofluoressensiya reaksiyasini joriy qildi. Klinik immunologiyada olib borilgan ishlarning katta bosqichi natijasi o`laroq Moskvada nashr etilgan "Immunologiya bo`yicha qo`llanma" (1973) monografiyasi bo`ldi.

1979 yilda Sh.X.Xodjaev D.I.Ivanovskiy nomidagi Virusologiya institutining O`zbekistondagi filialini tuzib, unga rahbarli qildi. O`zR SSV Virusologiya institutiga asos solib, unga 2004 yilgacha rahbarlik qilgan.

Professor Xodjaev Virusli gepatit sohasida ish boshlagan holda O`zbekiston aholisini gepatit virusiga qarshi ommaviy emlash g`oyasini ilgari surib, bosqichma-bosqich amalga oshirdi. 1990-1991 yillarda Sh.X.Xodjaev rahbarligida Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida virusli gepatit B ga qarshi emlash dasturi ishlab chiqildi.

Innovasion rivojlanish vazirligi jamoasi va rahbariyati Sh.Xodjaevning vafoti munosabati bilan uning yaqinlari va hamkasblariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1