11 noyabr kuni poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida start olgan shaxmat bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirda 5-tur o`yinlari ortda qoldi. Ushbu musobaqada dunyoning 9ta davlatidan jami 104 nafar mohir shaxmatchilar dona surishmoqda.
“Prezident kubogi” xalqaro turnirida 27 nafar grossmeyster, 16 nafar xalqaro master, ko`plab FIDE ustasi hamda sport ustalari ishtirok etishmoqdaki, bu musobaqaning nufuzi yuqori ekanligini anglatadi.
6-tur o`yinlaridan keyin musobaqada 4 nafar peshqadam ajralib chiqdi. E`tiborli jihati, ulardan ikki nafari hamyurtlarimizdir.
Jumladan, hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov oq donalarda ukrainalik Aleksandr Moisenko ustidan g`alabaga erishdi va o`z ochkolari sonini 5taga etkazib, peshqadamlar safidan joy oldi. Nodirbek Yoqubboev esa qora donalarda boshqa bir ukrain shaxmatchisi Vitaliy Sivukni mag`lub etdi va u ham 5 ochko bilan peshqadamlar kvartetiga qo`shildi.
Rossiyalik xalqaro grossmeyster Sanan Syugirov esa 6-turda AQSh sharafini himoya qilayotgan shaxmatchi Timur Gareevni dog`da qoldirib, qo`shimcha koeffisientlarga ko`ra peshqadamlikni o`z qo`liga oldi. Shuningdek, ukrainalik Vitaliy Bernadskiy ham 6-turda amerikalik Xans Niemann ustidan g`alabaga qozonib, o`z ochkolari sonini 5taga etkazib oldi.
Bugungi o`yinlarda hamyurtimiz, xalqaro grossmeyster Javohir Sindarov rossiyalik Maksim Matlakov bilan durangga erishgan bo`lsa, hamyurtlarimiz orasida eng yuqori reytingga ega shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov FIDE ustasi, hamyurtimiz Muhiddin Madaminovni dog`da qoldirdi. Ushbu natijalardan keyin Sindarov va Abdusattorovlar hisobidagi ochkolar soni 4,5taga etdi va ular peshqadamlarni ta`qib etishmoqda.
Eslatib o`tamiz, “Prezident kubogi” xalqaro turnirining umumiy sovrin jamg`armasi 120 000 AQSh dollarini tashkil etadi va bu mamlakatimiz shaxmati tarixida eng yuqori sovrin jamg`armasiga ega turnir sifatida tarixga kirdi.






