O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi. Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisini 2021 yil 18 noyabr kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tarzida o`tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar muhokama qilinadi. Jumladan, senatorlar “Favqulodda holat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonuni, “Gidrometeorologiya faoliyati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini qo`rib chiqadi.

Shuningdek, “Intellektual mulk ob`ektlari to`g`risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi, “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida”gi, “O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida”gi qonunlar ham kun tartibi doirasida muhokama etiladi.

Bundan tashqari, “Og`ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi, “O`simliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunlar senatorlar e`tibor markazida bo`ladi.

Shuningdek, “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma`muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ham muhokama qilinadi.


Yalpi majlisda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining O`zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi holati haqidagi axborotini eshitish rejalashtirilgan.
Senatorlar aholini ichimlik suvi bilan ta`minlashdagi muammolar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalarini ko`rib chiqadi.

Shu bilan birga homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go`daklarga ko`rsatilayotgan tibbiy yordam holati hamda engil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat munosabatlari bilan bog`liq masalalarda ish beruvchilarning mas`uliyatini oshirish bo`yicha Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovlari yuborish masalalari muhokama etiladi.
Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasining 2020 yil va 2021 yilning o`tgan davridagi faoliyati yuzasidan hisobotini ham eshitish rejalashtirilgan.
Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko`rib chiqiladi.







