AsosiyJamiyat

O`zbekiston bayrog`i xalqaro sport maydonlarida 430 marotaba baland ko`tarilgan. Bugun davlat bayrog`i tashkil topgan kun

'O`zbekiston bayrog`i xalqaro sport maydonlarida 430 marotaba baland ko`tarilgan. Bugun davlat bayrog`i tashkil topgan kun'ning rasmi

Bugun 18 noyabr — O`zbekiston respublikasi davlat bayrog`i tashkil topgan kun.

“O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i to`g`risida”gi qonun 1991 yil 18 noyabrda O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari O`tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.

Bayroq va uning ramzi O`zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo`lgan davlatlar bilan tarixan bog`liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an`analarini o`zida mujassamlashtiradi.

Shuningdek bayroq kishida o`ziga xos faxr tuyg`ularini uyg`otadi. Qayd etish lozim, ayni kungacha ko`plab o`zbek sportchilari ushbu faxrni to`laqonli his qilishgan. Sportchilar yuzlab xalqaro musobaqalar, o`nlab jahon va qit`a chempionatlarida ishtirok etib, O`zbekiston bayrog`ini dunyo sport maydonlarida yuksaltirgan.

Ma`lumotga ko`ra, 2021 yilning ayni paytiga qadar O`zbekiston bayrog`i xalqaro sport maydonlarida qariyb 430 marotaba baland ko`tarilgan.  Turizm va sport vazirligi mutaxassisi bu boradagi quvonchli raqamlarni keltirib o`tdi.

"Bu yil ham yurtimiz sportchilari tom ma`noda matonat ko`rsatdi. O`zbekiston sportchilari o`tgan 9 oyda 16 qit`a, 28 jahon miqyosidagi chempionat va kubok bahslari hamda 41 nufuzli xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Musobaqalarda sportchilarimiz 102 oltin, 128 kumush hamda 199 bronza medaliga sazovor bo`lganligini alohida ta`kidlash o`rinli" - deydi Turizm va sport vazirligi mutaxassisi Nuriddin Mahmudov.

O`zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov ham o`zbek sportchilarining bundan 25 yil muqaddam ilk bor O`zbekiston bayrog`i ostida mustaqil jamoa sifatida olimpiya o`yinlarida ishtirok etganini eslab shunday dedi:

"1996 yil AQShning Atlanta shahrida o`tgan XXVI yozgi Olimpiada o`yinlarida mamlakatimiz sportchilari mustaqil O`zbekiston bayrog`i ostida ilk bor qatnashgandi.

Esimda, "Yuz yillik o`yinlar" nomidagi Atlanta olimpiadasida ayrim chet ellik sportchilar, murabbiylar mamlakatimizni unchalik bilmasdi. O`zbekiston, desa qaerda bu mamlakat, deb so`rashardi. Jahlimiz chiqardi, tushuntirardik. Bayrog`imizni ko`rsatib, "Biz O`ZBEKISTON davlatidanmiz" derdik.

Aynan o`sha olimpiadada o`zbek sportchilari - Armen Bagdasarov (dzyudo) kumush va Karim To`laganov (boks) bronza medalini qo`lga kiritdi. Ularning g`alabalari sharafiga O`zbekiston bayrog`i ko`tarilgandagi quvonchimizni so`z bilan ifodalay olmayman. Undan so`ng qancha suvlar oqib ketdi. Shukrki, bugun dunyo Vatanimizni biladi, tan oladi",-deydi  Bahodir Maxsitov so`ziga yakun yasab.

    Boshqa yangiliklar