1

Davlat bayrog`i —millat g`ururi!

Jamiyat 18.11.2021, 22:17
Davlat bayrog`i —millat g`ururi!

 

  Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug` sanaladi. Chunki u xalqning o`tmishi, buguni va kelajagini o`zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir. 18 noyabr – «O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i to`g`risida»gi Qonun qabul qilingan kun. Davlat bayrog`i O`zbekiston davlat suverenitetining ramzidir. 

Shu munosabat bilan bugun Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimiyati oldida O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i qabul qilinganining 30 yilligiga bag`ishlangan ma`naviy-ma`rifiy tadbir bo`lib o`tdi. Tadbirda Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimiyati mas`ullari, O`zbekiston Milliy Gvardiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining harbiy xizmatchilari, kursantlar, tuman mahalla faollari va Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 
Tadbirda so`zga chiqqanlar mamlakat va jamiyat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida o`rni bor ekanligi, shu ma`noda, milliy bayrog`imiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi o`rni hamda rolini ko`rsatishda muhim ahamiyatga ega bo`lib, har birimiz uchun iftixor timsoli hisoblanishini shuningdek, bayroq qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo`lib kelgani, ajdodlarimiz ham yurt bayrog`ini muqaddas bilib, uni ko`z qorachig`idek asraganlari, u kuch-qudrat, jasorat, g`alaba timsoli bo`lganini alohida ta`kidladilar. 

Tadbir davomida jangovar bayroq ostida saflangan bir qator harbiy xizmatchilarning qaddini rostlab turgani bayramga o`zgacha shukuh bag`ishlagan bo`lsa, Akademiyaning «Ma`naviyat va ma`rifat» markazi boshlig`i podpolkovnik Savriddin Najmiev rahbarligidagi orkestr ijrosidagi jonajon Vatanimiz va bayrog`imizni tarannum etuvchi kuy-qo`shiqlar, ularni tinglab havas bilan boqib turgan yoshlar qalbida esa iliq taassurotlar qoldirdi. 

— Mustaqil davlatimiz bayrog`i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug` kelajagimizga bo`lgan ishonchimiz timsolidir deydi —podpolkovnik Baxshillo Jahonqulov — Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz joizdir. Bayrog`imizning balandligi yurtimizning obro`-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e`zozlaylik va boshimiz uzra baland ko`tarmog`imiz lozim.

FARHODJON XOJAEV,

O`zbekiston Respublikasi

FVV Akademiyasi katta

o`qituvchisi, kapitan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1