Olmaliq shahridagi “Metallurg” sport majmuasida voleybol bo`yicha O`zbekiston superkubogi bahslariga start berildi.
Erkaklar o`rtasidagi bahsda amaldagi O`zbekiston chempioni va kubogi egasi Samarqandning “O`ztelekom” jamoasi chempionatning kumush medali sohibi OTMK jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Qizg`in va murosasiz kechgan o`yinda mahorat va tajriba o`z so`zini aytdi. Garchi OTMK jamoasi o`z uyida harakat qilgan bo`lsa-da, yakunda 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Ayollar o`rtasida esa bugunning o`zidayoq O`zbekiston superkubogi sohibi aniqlandi. Unda kutilmaganda mamlakat chempioni va kubogi sohibi O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining SKUF jamoasi Nukus davlat pedagogika instituti voleybolchi qizlariga imkoniyatni boy berib qo`ydi.
Kecha bo`lib o`tgan dastlabki o`yinda nukuslik voleybolchi qizlar 3:1 hisobi bilan g`alaba qozonishgan bo`lsa, hozirgina yakuniga etgan bahsda ular yanada ishonchli hisobda g`olib chiqishdi: SKUF – NDPI – 0:3. Shu tariqa ayollar o`rtasida O`zbekiston superkubogi Qoraqalpog`iston Respublikasiga yo`l oladigan bo`ldi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston superkubogida o`yinlar ikki g`alabagacha davom etadi. Agar bugun erkaklar o`rtasidagi ikkinchi o`yinda ham “O`ztelekom” g`alaba qozonsa, u holda bosh sovrin Samarqandga yo`l oladi.