Prezident ta`lim muassasalari agentligi tomonidan 24-25 noyabr kunlari tashkil etilayotgan “Yangi O`zbekiston ta`limi: islohotlar yo`lida muvaffaqiyatli hamkorlik” mavzusidagi xalqaro ta`lim forumida ishtirok etish uchun xorijdan nufuzli mehmonlar birin-ketin etib kelishmoqda.
Ulardan biri — o`z yo`nalishi bo`yicha dunyo reytingida 1-o`rinda turadigan Massachusets Texnologiya instituti J-Wel direktori Vijay MS Kumar.
Doktor Kumarning tadqiqotlari va faoliyati ta`limda texnologik innovasiyalarni rejalashtirish va joriy etishga qaratilgan.
Doktor Kumardan yurtimiz haqidagi ilk taassurotlari va rejalari haqida so`zladi:
" - MIT tashkiloti butun dunyo bo`ylab ta`limni o`zgartirish va shakllantirish uchun xizmat qiladi. Hozirgi dunyo tez o`zgarmoqda. Bugungi bozor ham, iqtisod ham kechagidan farq qiladi. Butun dunyo bo`ylab ta`limdan chetda qolib ketgan insonlar bor, tashkilotimiz ularni qo`llab-quvvatlash hamda ta`lim siyosatini yuksaltirishda ishtirok etadi.
Shuningdek, biz ta`limga oid tadqiqotlar va innovasiyalarni bo`yicha xalqaro hamkorlar bilan ishlaymiz. Shunday hamkorlarimizdan biri "Yangi O`zbekiston" universitetidir. Men o`z tashrifimdan bag`oyatda xursandman. Kelganimga endi bir kun bo`ldi, shunda ham bir olam taassurotga egaman. Masalan, men biroz oldin Al Xorazmiy maktabida bo`ldim. Menga bir o`quvchi bola gidlik qildi. Ana shu narsa - o`quvchilarning loyihalari haqiqatda tahsinga sazovor. MIT aynan shunday tashabbuslarni qo`llab-quvvatlaydi.Chunki, o`rganish, bu amalda bajarish deganidir. Faqat nazariyaning o`zi bilan hech narsaga erishib bo`lmaydi.
Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan "Yangi O`zbekiston" universiteti J-Wel hamkori hisoblanadi. Biz mazkur universitet bilan o`quv dasturlarini ishlab chiqishda hamkorlik qilish niyatidamiz. Hozirda uzoq muddatli hamkorlikni yo`lga qo`yish istiqbollarini muhokama qilinyapti. "Yangi O`zbekiston" nafaqat O`zbekiston uchun, balki dunyoning boshqa hududlari uchun ham o`ziga xos modelga aylana oladi. Albatta, bu juda katta jarayondir, investisiyalar kiritilishi, inson resurslari, ta`lim infrastrukturasi kabi masalalar ustida ishlash kerak.
Bu, ta`bir joiz bo`lsa, bizning qarshimizda turgan eng vazifalardan. Biz shu tariqa mintaqadagi ta`limda katta o`zgarishni amalga oshirish niyatidamiz. Umuman olganda, murakkab vazifalar uchun bugungi ilk qadamlar juda chiroyli boshlanish, deb hisoblayman" , - dedi Vijay MS Kumar






